AQSH hukumati Rossiyani terrorizm homiysi deb e’lon qilishning oqibatidan qo‘rqmoqda
Olam
−
19 avgust 2022
11953AQSH Davlat departamenti Kongressga Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritishining ehtimoliy salbiy oqibatlaridan xavotirda ekani haqida norasmiy ma’lumot berdi. Bu haqda kecha, 18 avgust kuni “Politico” gazetasi manbalarga tayanib xabar berdi.
Tashqi siyosat rasmiylari shu hafta Kongressga bunday harakat Ukraina portlaridan dunyoga don yetkazib berish to‘g‘risidagi kelishuvni xavf ostiga qo‘yishidan xavotirda ekanini bildirgan. Ta’kidlanishicha, agar Rossiya terrorizm homiylari qatoriga qo‘shilsa, “Rossiya o‘z majburiyatlarini bajarishiga kafolat yo‘q”, bu esa o‘z navbatida oziq-ovqat xavfsizligiga ta’sir qilishi va ochlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Nashrning yozishicha, Kongress tashabbusi qo‘llab-quvvatlansa, AQSH o‘z kompaniyalariga Rossiya bilan biznes aloqalarini to‘xtatib qo‘yishiga to‘g‘ri keladi.
22 iyul kuni Istanbulda jahon bozorlariga oziq-ovqat va o‘g‘it yetkazib berish muammosini hal etish bo‘yicha hujjatlar to‘plami imzolandi. Istanbulda qurol kontrabandasi va provokatsiyalarning oldini olish maqsadida don kemalarini tekshirishga mo‘ljallangan Rossiya, Turkiya, Ukraina va BMT vakillaridan ibora markaz tuzildi.
27 iyul kuni AQSH Senati Davlat departamentini Rossiyani terrorizm homiysi sifatida deb tan olishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatda Checheniston, Gruziya, Suriya va Ukrainadagi voqealar tegishli qarorga asos sifatida ko‘rsatilgan. Avvalroq Kiyev Vashingtonga Rossiyani terror homiylari ro‘yxatiga kiritishni so‘rab murojaat qilgan edi. 28 iyul kuni har ikki partiya kongressmenlari guruhi Vakillar palatasiga xuddi shunday hujjat taqdim etish niyatida ekanliklarini ma’lum qildi.
Terrorizm homiylari ro‘yxatiga Vashington nazarida “xalqaro terrorchilik harakatlarini qayta-qayta qo‘llab-quvvatlagan” davlatlar kiritilishi mumkin. Amerika ma’muriyati ro‘yxatdagi davlatlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash nuqtai nazaridan keng vakolatlarga ega. AQSH G‘aznachilik departamenti ushbu yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek, ro‘yxatdagi mamlakatlar bilan savdo qiluvchi davlatlarga qarshi choralar ko‘rishi mumkin. Ro‘yxatga hozirda Eron, Shimoliy Koreya, Kuba va Suriya kiritilgan.
LiveBarchasi