AQSH harbiylari Meksika chegarasida kartel dronlarini urib tushirdi

Olam

image

AQSH harbiylari Texas shtatida Meksika bilan chegara yaqinida narkotik kartellariga tegishli uchta dronni lazer qurilmasi yordamida urib tushirdi. Bu haqda AQSHning Shimoliy Amerika aerokosmik mudofaa qo‘mondonligi va Shimoliy qo‘mondonligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, operatsiya 25 avgust kuni tunda va 26 avgust kuni ertalab Texas janubidagi Rio-Grande vodiysida o‘tkazilgan. Harbiylar bunda AQSH Quruqlik qo‘shinlarining yuqori energiyali ko‘p maqsadli lazer tizimidan foydalangan.

Harbiylar dronlar aynan qayerda urib tushirilganini, shuningdek, operatsiya AQSH yoki Meksika hududida amalga oshirilganini aniqlashtirmagan. AQSH harbiylari dronlar mamlakat harbiylari va AQSH Bojxona hamda chegarani himoya qilish xizmati xodimlariga “jismoniy tahdid” tug‘dirganini bildirgan.

“Kartellar tarmoqlari noqonuniy migrantlarni olib o‘tishni yengillashtirish va xodimlarimiz hamda huquq-tartibot idoralaridagi hamkorlarimizni faol kuzatish uchun uchuvchisiz havo tizimlaridan tobora ko‘proq foydalanmoqda”, degan Janubiy chegara bo‘yicha qo‘shma tezkor guruh qo‘mondoni general-mayor Kyortis Teylor.

Mazkur operatsiya AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati migratsiya va narkotik kartellariga qarshi kurashni kuchaytirayotgan bir paytda amalga oshirilgan. Bu choralar Trampning 2024 yilgi prezidentlik kampaniyasida bergan va’dalarini bajarish doirasida olib borilmoqda.

2025 yilda tashkil etilgan Janubiy chegara bo‘yicha tezkor guruh shu vaqtga qadar o‘n minglab aniqlash va kuzatuv patrullarini, shuningdek, minglab havo kuzatuv parvozlarini amalga oshirgan.

Harbiylar foydalanilgan lazer tizimini qaysi kompaniya ishlab chiqarganini ma’lum qilmagan. AeroVironment kompaniyasi o‘tgan yil yozida AQSH Quruqlik qo‘shinlariga ko‘p maqsadli yuqori energiyali lazer tizimlarining dastlabki ikkitasini yetkazib bergan.

AQSH harbiylari avval ham dronlarga qarshi lazer tizimlaridan foydalangan. Joriy yil fevral oyida Texasdagi Fort-Xenkok hududida lazer asosidagi dronlarga qarshi tizim AQSH hukumatiga tegishli dronni adashib urib tushirgani haqida xabar berilgan.

AQSH xavfsizlik idoralari Meksika kartellari dronlardan foydalanayotganidan xavotir bildirib kelmoqda. Kartellar asosan oddiy tijoriy dronlarni o‘zgartirib, ulardan narkotik moddalarni tashlash yoki kontrabanda yo‘nalishlarini kuzatish uchun foydalanadi.

Meksikaning AQSH chegarasidan uzoqroq hududlarida esa kartellar dronlar orqali portlovchi moddalar tashlab, odamlar o‘limiga olib kelgan hujumlarni ham amalga oshirgan. Ayni paytda AQSH va Meksika rasmiylari chegara hududida dronlardan foydalanish ko‘payishiga qarshi birgalikda chora ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum milliarder Ilon Maskni sudga berish masalasini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing