AQSH HAMAS asir olgan amerikaliklarni ozod qilish yo‘llarini qidirmoqda – Blinken 

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari HAMAS harakati qo‘lida bo‘lgan amerikaliklarni qutqarishning barcha imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ABC telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Biz ularni oilalariga qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni hisobga olgan holda qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. Bizda bu borada katta tajriba bor. Shunga qaramay maxfiylik va xavfsizlikni inobatga olib, bu haqida batafsil ma’lumot bera olmayman", degan Blinken.

Diplomatning ta’kidlashicha, bunday vaziyatlarda AQSH Prezidenti Jo Bayden "har doim qat’iy" va "barcha imkoniyatlarni o‘rganishga" intilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Associated Press” agentligi HAMAS asirga olinganlardan AQSH va Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda foydalanishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.  Entoni Blinken esa Isroilga tashrifi chog‘ida boshqa davlatlar yoki terrorchilar tomonidan Isroilga hujum qilingan taqdirda, AQSH uni himoya qilishini aytgandi.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.

So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 1537 kishi, jumladan 500 bola va 276 ayol halok bo‘lgan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar esa 1,3 ming kishiga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil HAMAS Entoni Blinken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing