Agar Isroil o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, Tehronning javobi o‘zgarishi mumkin – Eron
Olam
−
04 noyabr
4523Tehron o‘z mamlakatiga qarshi har qanday hujumga javob beradi, biroq Isroil mintaqadagi tajovuzini to‘xtatib, sulhga rozi bo‘lsa, bu javobning tabiati va ko‘lami o‘zgarishi mumkin. Bu haqda Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida so‘z ochdi.
Pezeshkian Isroil tomonidan tajovuz kuchayib borayotganiga urg‘u berdi.
Uning eslatishicha, AQSH va Yevropa yetakchilari, agar Eron Tehronda Falastinning HAMAS harakati siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyaga suiqasd uyushtirilganiga javob qaytarmasa, G‘azoda sulh e’lon qilishga va’da bergan edi.
“Hukumatimizning birinchi kunidayoq Xoniyaga suiqasd uyushtirib, urush qo‘zg‘atmoqchi bo‘lgan sionistik rejim edi. Biz sulh o‘rnatish, begunoh ayollar va bolalarning o‘ldirilishini to‘xtatish umidida ayrim davlatlarning maslahati bilan vazminlik ko‘rsatgan bo‘lsak-da, Isroil o‘z jinoyatlarini yanada kuchaytirdi”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 28 oktyabr kuni Milliy xavfsizlik oliy kengashiga Isroilga qarshi javob zarbasi rejasini tayyorlashni buyurgandi. Eronning yagona palatali parlamenti – Majlisning Milliy xavfsizlik qo‘mitasi a’zosi Sardor Kosari parlament Isroilga harbiy javob qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilganini aytdi. Voqealar fonida AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Yaqin Sharq mintaqasiga qo‘shimcha raketalarga qarshi mudofaa esminetslari, qiruvchi otryadlar va tanker samolyotlari, shuningdek, AQSH Harbiy-havo kuchlarining bir nechta uzoq masofali zarba beruvchi B-52 bombardimonchi samolyotlarini yuborishni buyurdi. Eron oliy rahbari esa Isroilga ham, AQSHga ham qaqshatqich javob qaytarishga va’da berdi.
LiveBarchasi
04 noyabr