Agar daraxt kesilsa, o‘z arizam bilan ishdan ketaman – Jahongir Ortiqxo‘jayev

Jamiyat

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bugun, 13 fevral kuni Toshkentning “Moviy gumbazlar” xiyobonida aholi vakillari bilan uchrashib, ushbu xiyobonda barpo etilishi kutilayotgan “Istiqlol” majmuasi qurilishida birorta daraxt kesilsa, o‘z arizasi bilan ishdan ketishga tayyor ekanini alohida urg‘uladi. 

“Meni 60 nafar deputat saylagan. Ularni esa deputat qilib xalq saylagan. Men o‘z vakolatlarimdan tashqariga chiqayotgan joyim yo‘q. Agar 60 nafar deputat meni bu lavozimdan olib tashlasa, men roziman. Ular ham millat vakillari. Saylamang edi deputatlarni. Har bir deputatni 20-25 ming aholi chiqib, saylagan. 

Ishdan olishsa, ketaman. Yana aytaman: daraxtlar kesilmaydi, aksincha, qo‘shiladi. Bo‘sh joyga mustaqillik stelasini o‘rnatamiz. Agar daraxt kesilsa, o‘z arizam bilan ishdan ketaman”, deydi Ortiqxo‘jayev. 

Ma’lumot uchun, loyihaga tanlov e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay bir guruh faollar bunga qarshi petitsiya boshladi. Unga 7 mingdan ortiq kishi ovoz berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar hokimligining rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab barpo etiladigan “Istiqlol” majmuasi bo‘yicha e’lon qilingan tanlov qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi.

Bunda asosiy e’tiroz “Istiqlol” majmuasi Toshkentning o‘z tarixiga ega bo‘lgan “Moviy gumbazlar” xiyobonida qurilishiga bo‘lgan. Negaki, majmua qurilishi u yerdagi ko‘p yillik daraxtlarning kesilib ketishiga olib kelishi mumkin edi.

“Bugundan e’tiboran Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan “Istiqlol” majmuasi barpo etilishi belgilangan hududdagi barcha daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi va muhofazaga olinadi”, deyiladi hokimlik bayonotida.

Unga ko‘ra, Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan “Istiqlol” majmuasi barpo etilishi belgilangan hududdagi barcha daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi va muhofazaga olinadi.

Keyinroq Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ushbu voqelarga munosabat bildirib, jamoat va shahar aholisining fikrini e’tiborga olmasdan shahar jamoat joylarini tubdan o‘zgartirish mumkin emasligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Moviy gumbazlar

Baholaganlar

81

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing