Hokim o‘g‘il bola gapni gapirdi – mahalla raisi Ortixo‘jayev haqida

Jamiyat

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirokida bugun, 13 fevral kuni poytaxtning “Moviy gumbazlar” xiyobonida o‘tkazilgan uchrashuv murosa va o‘zaro birdamlikka qarshi holda kechdi. Odamlar Ortiqxo‘jayevni eshitishni, uning maqsadini tushunishni istamasligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Natija hokim ushbu hududda biror daraxt kesilsa, lavozimidan ketishga tayyorligini aytishgacha bordi. Biroq, ayrim kishilar bunga ham ko‘nmadi. 

QALAMPIR.UZ muxbiri murosasiz kechgan uchrashuvda Toshkentning faol mahalla raislaridan biri Naima Jabborova bilan suhbatlashdi. 

“Hokimlar ko‘p. Biri keladi, biri ketadi. Agar [qurilish] xalq deputatlari kengashining qarori bilan bo‘lsa, uning o‘rniga keladigan hech bir hokim uni buza olmaydi. Shu yerda farzandlarimiz bilan kelib, bahri-dilimiz ochiladigan joy bo‘lsa, buning nimasi yomon?”, deydi “Katta Qorasuv” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Naima Jabborova. 

Uchrashuvda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yana 3 kundan keyin aholi vakillari bilan uchrashishni, ushbu xiyobonda barpo etiladigan majmua loyihasi taqdim etilishini va’da qildi. 

“Hokim o‘g‘il bola gapni gapirdi: uch kundan keyin bu yerda loyiha bo‘ladi. Kelaylik, loyihani ko‘raylik, fikrimizni aytaylik. Agar bundan ham yaxshi loyiha bo‘lsa, arxitektorlar ko‘rsatishsin. Keyin gapirishsin. Nima qiladi odamlarni buzib?”, deydi mahallasi raisi Naima Jabborova. 

Naima Jabborova bilan muloqotda bo‘lgan jurnalistlar Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi o‘z vazifasini bajarmayotgani, odamlarga vaqtida ma’lumot berilmaganini aytdi. 

“Agar Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati jurnalistlarni chaqirib, bizga tushuntirish berganda edi, biz o‘zimiz odamlarga tushuntirgan bo‘lar edik. Odamlar bosh ko‘tarmaguncha nega loyiha ko‘rsatilmadi?”, deydi jurnalistlardan biri. 

Uchrashuv xulosasiga ko‘ra, 3 kun ichida ushbu hudud loyihasi jamoatchilik e’tiboriga taqdim etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Moviy gumbazlar

Baholaganlar

410

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing