Afrika Ittifoqi G20 ning doimiy a’zosiga aylandi (video)
Olam
−
09 Sentabr 2023
3732Afrika Ittifoqi Nyu-Dehli sammitida G20 ning doimiy a’zosiga aylandi. Bu bilan uni G20 ga kiritish tashabbuskori bo‘lgan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi birinchi bo‘lib tabrikladi. Sammit jarayonlari ANI News agentligida to‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiya qilindi.
“Hindiston Afrika Ittifoqini G20 ning doimiy a’zosiga aylantirishni taklif qilmoqda va ishonchim komilki, barcha a’zolar bu taklifga rozi bo‘lishadi. Barchaning qo‘llab-quvvatlashi bilan Afrika Ittifoqini G20 ga qo‘shilishga taklif qilaman”, degan Modi.
Uning so‘zlaridan so‘ng Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subramanian Jayshankar Komor orollari Prezidenti (Afrika Ittifoqiga raislik qiladi) Azali Assumaniyning oldiga borib, uni G20 a’zolari o‘tirgan stolga kuzatib, uning oldida Afrika Ittifoqining belgisi va bayrog‘ini qo‘ydi.
Keyinroq Hindiston TIV vakili Arindam Bagchi o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida Afrika Ittifoqi rasman G20 a’zosiga aylanganini tasdiqladi.
Ma’lumot uchun, Afrika Ittifoqi qit’aning 55 ta davlatini birlashtirgan hukumatlararo tashkilot bo‘lib, u oldingi Afrika Birligi Tashkilotining vorisi hisoblanadi. Joriy yilning iyun oyida Modi G20 yetakchilariga xat yozib, Afrika Ittifoqiga guruhning to‘liq a’zoligini berishni taklif qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoy yetakchisi Si Szinpin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning G20 sammitida qatnashmasligi fonida AQSH rahbari Jo Bayden ularni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarni o‘ziga og‘dirishga urinishi aytilgandi.
LiveBarchasi