Afrika FIFA’ning yangi loyihasiga qiziqish bildirdi

Sport

image

Afrika Yevropa va Osiyo tomonidan tanqid qilingan FIFA loyihasini ko‘rib chiqishga tayyor – Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) assotsiatsiyalarni uni o‘rganishga chaqirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

“Maslahatlashuv jarayoni doirasida CAF prezidenti Patris Motsepe kelasi hafta Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishini o‘tkazadi. Unda boshqa masalalar qatorida taklif etilgan FIFA Forward Enterprise tashabbusi ham baholanadi. Shuningdek, CAF a’zo assotsiatsiyalarni ushbu taklifni o‘rganishga hamda CAF va FIFA qoidalari, shuningdek belgilangan tartib-taomillarga muvofiq maslahatlashuv jarayonida faol ishtirok etishga chaqiradi”, deyiladi tashkilot bayonotida.

CAF ta’kidlashicha, tashkilot Afrikada va butun dunyoda futbolning rivojlanishi uchun moliyaviy hamda boshqa resurslarni ko‘paytirish maqsadida a’zo assotsiatsiyalar, FIFA, boshqa futbol konfederatsiyalari va manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashuv va hamkorlikni davom ettiradi.

FIFA Forward Enterprise dasturi doirasida FIFA’ga a’zo 211 ta milliy assotsiatsiyaning har biri 2027 yildan boshlab FIFA Forward va FIFA Fast-Forward dasturlari orqali to‘rt yillik sikl davomida 40 million dollargacha mablag‘ olishi mumkin. 12 yillik davr mobaynida esa umumiy moliyalashtirish hajmi taxminan 86 million dollargacha yetishi mumkin.

Avvalroq, FIFA prezidenti Janni Infantino milliy federatsiyalarga qo‘shimcha subsidiyalar evaziga FIFA Forward Enterprise nomli yangi tijorat tashkilotini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashni taklif qilgan edi. Loyiha doirasida FIFA Jahon chempionati kabi musobaqalarning media va tijorat huquqlarini boshqaradigan yangi kompaniyaning taxminan 20 foiz ulushini sotish orqali investorlardan 4,2 milliard dollargacha mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Biroq ushbu tashabbus Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA), Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib dengizi davlatlari futbol konfederatsiyasi (CONCACAF) hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) tomonidan tanqid qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, amerikalik tadbirkor Joshua Kushnerning Thrive Eternal jamg‘armasi loyihaning ehtimoliy investorlaridan biri sifatida ko‘rib chiqilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing