Afrika davlatlari ag‘darilgan Prezidentni qaytarish uchun Nigerga 25 ming askar yubormoqchi

Olam

image

G‘arbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Hamjamiyatining (ECOWAS) davlatlari Niger Prezidenti Muhammad Bazum hokimiyatini tiklash uchun mamlakatga 25 ming askardan iborat kontingentni yuborishga tayyor. Bu haqda RFI agentligi xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Nigeriya e’lon qilingan kontingentning yarmini berishga tayyor, qolganini Kot-d'Ivuar, Senegal va Benin beradi. Nigeriya harbiylari bu kuchlarga boshchilik qiladi. 

RFI'ning yozishicha, ECOWAS mojaroni kuch ishlatish bilan hal qilish ssenariysini ekstremal variant sifatida ko‘radi.

Kecha, 8 avgust kuni BMT, Afrika Ittifoqi va ECOWAS delegatsiyalari Nigerga kelishi kerak edi, biroq isyonchilar ularning mamlakatga kirishiga ruxsat bermadi.

Nigerdagi davlat to‘ntarishi 

Niger prezident gvardiyasining bir guruh harbiylari (keyinchalik ularga mamlakat Qurolli kuchlari qo‘mondonligi ham qo‘shildi) joriy yilning 26 iyul kuni Prezident Muhammad Bazumni qo‘lga oldi.

Prezident gvardiyasi boshlig‘i Abdurahmon Chiani o‘zini yangi davlat rahbari, deb e’lon qildi. U to‘ntarishni korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishga qarshi kurashish istagi bilan izohlagan.
Bazumning ag‘darilishi BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi tomonidan qoralangan. Parij Fransiya konstitutsiyaviy tuzumni tiklash va hokimiyatdan chetlatilgan Prezident Bazumni hokimiyatga qaytarishga qaratilgan barcha mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.

Shundan so‘ng, Nigerning hokimiyatdan chetlatilgan Prezidenti Muhammad Bazum esa AQSH va jahon hamjamiyatiga mamlakatda konstitutsiyaviy tuzumni tiklashga yordam berish iltimosi bilan murojaat qildi.

Joriy yilning 30 iyul kuni G‘arbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Hamjamiyatining (ECOWAS) a’zolari Abujadagi sammitda Nigerdagi davlat to‘ntarishini qoralagan va isyonchilarga konstitutsiyaviy boshqaruvni tiklash uchun bir hafta muhlat bergandi. Agar talab bajarilmasa, kuch ishlatish bilan tahdid qilingandi. Keyinchalik Nigerning Parijdagi elchisi ECOWAS’ga a’zo davlatlar Nigerda harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.

Kecha, 8 avgust kuni AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Nigerga tashrif buyurib, mamlakat Prezidentini hokimiyatdan chetlatgan isyonchilar vakillari bilan uchrashgandi. Uning tashrifi muvaffaqiyatsiz bo‘lib, u Prezident Bazum bilan ham “Vatanni qutqarish milliy kengashi”ni boshqargan general Abdurahmon Chiani bilan uchrasha olmay ortiga qaytib ketgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afrika Niger Muhammad Bazum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing