Afg‘onistonda koalitsion hukumat tuzilishi kerak — Rossiya TIV
Olam
−
14 iyul 2021
6495Afg‘onistonda ikki-uch yil ichida mamlakatda kelajakdagi boshqaruv shaklini aniqlay oladigan koalitsion hukumat tuzilishi kerak. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ikkinchi Osiyo departamenti direktori Zamir Kabulov ta’kidladi.
Unga ko‘ra, Kobul va boshqa nufuzli siyosiy kuchlar “Tolibon” harakati bilan muzokaralarni boshlashi kerak.
“Bizningcha, bu nuqtai nazarni amerikaliklar, pokistonliklar va xitoyliklar ham ma’qullaydi — bunday muvaqqat ma’muriyat ikki yildan uch yilgacha ishlashi kerak. Bunda milliy xususiyat, hech qanday yomon narsa yo‘q”, degan u.
Diplomat shuningdek, “hokimiyat vakuumiga, mamlakatda xaos”ga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan. U muvaqqat hukumat mavjud muammolarni hal qilishi va toliblarning jamiyatga qo‘shilishi bilan shug‘ullanishi kerak degan fikrni bildirgan.
Avvalroq, Zamir Kabulov Rossiya bundan 7 yil avval "Tolibon" harakati bilan aloqalar o‘rnatishni boshlagani haqida ma’lum qilgandi.
Qo‘shni Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 6 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 90 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Rasmiy Kobul harakat tarafdorlariga qarshi qarshi hujumlarni rejalashtirmoqda.
LiveBarchasi