Afg‘onistonda 30 dan ortiq kishi suv toshqini oqibatida halok bo‘ldi
Olam
−
26 fevral
3423Kecha, 25 fevral kuni Afg‘oniston janubi va g‘arbida sodir bo‘lgan suv toshqinlari oqibatida 30 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “AmuTV” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Afg‘onistondagi toshqinlarga kuchli yomg‘ir sabab bo‘lmoqda. Afg‘oniston g‘arbidagi Farah viloyatida yuz bergan tabiiy ofatda kamida 23 kishi halok bo‘lgan, 44 kishi jarohat olgan. Xabarda aytilishicha, qurbonlar orasida har ikkala jins va turli yoshdagi odamlar bor. Qurbonlar soni ortishi mumkin.
“Tolibon”ning Farahdagi politsiya qo‘mondonligi ham qurbonlar sonini tasdiqlab, suv toshqini keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, 25 fevral kuni janubdagi Hilmand va Qandahor viloyatlarida suv toshqinlari oqibatida kamida 10 kishi, jumladan, bolalar halok bo‘lgan. Hilmandning Grishk tumanidagi turarjoy binosiga chaqmoq urishi oqibatida yana olti kishi jabrlangan.
Afg‘onistonda ekstremal ob-havo bilan bog‘liq ofatlar
2024 yilda ham Afg‘oniston kuchli suv toshqinini boshdan kechirgandi, oqibatda ko‘plab insonlar va mol-mulk yo‘qotilgan. Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, may oyida shimoliy hududlarda, xususan Bag‘lon viloyatida sodir bo‘lgan toshqinlar kamida 315 kishining o‘limiga va 1 ming 600 dan ortiq kishining jarohatlanishiga olib kelgan. Toshqin 2000 dan ortiq uyni vayron qilgan, yuzlab odamlar bedarak yo‘qolgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili aprel oyi boshida 23 provinsiyada kuchli yomg‘irlar va suv toshqinlari 100 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan va 54 kishi jarohatlangan. Bu hodisalar ham kamida 2134 ta uyning vayron bo‘lishiga, 10 789 bosh chorva mollarining nobud bo‘lishiga olib kelgan.
Bundan tashqari, iyul oyida sharqiy va shimoli-sharqiy viloyatlarda kuchli yog‘ingarchilik va suv toshqinlari oqibatida 58 kishi halok bo‘lgan va 380 kishi jarohat olgan, infratuzilmaga jiddiy zarar yetkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonining katta hududlari, jumladan, muqaddas Makka va Madina hamda Jidda shaharlari hududlarida kuchli yomg‘irdan keyin suv toshqini yuzaga kelgandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

