Afg‘oniston Pokistonga havo hujumlari uyushtirdi

Olam

image

Afg‘oniston kuchlari Pokistondagi ISHID ob’ektlariga havo hujumlari uyushtirdi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Bayonotga ko‘ra, havo hujumlari Pokistonning Balujiston viloyatidagi Saranan shahrida joylashgan, “Islom davlati” (ISHID) guruhiga tegishli deb ko‘rsatilgan ob’ektga, shuningdek, Xaybar-Paxtunxva viloyatidagi boshqa nishonlarga qarshi amalga oshirilgan.

Pokiston armiyasi e’lon qilgan bayonotda esa dronlar o‘z vaqtida aniqlanib, urib tushirilgani ma’lum qilingan. Balujiston mahalliy ma’muriyati Saranandagi davlat maktabi yaqinida dron kuzatilganini tasdiqlagan. Hodisa oqibatida ikki kishi jarohatlangan.

Londonda joylashgan Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda qiruvchi samolyotlar mavjud emas, ammo mamlakat kamida oltita harbiy samolyot va 23 ta vertolyotga ega. Shuningdek, “Tolibon” ixtiyorida Pokiston bilan to‘qnashuvlarda qo‘llangan dronlar ham borligi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston tomoning chegara hududlarida amalga oshirgan havo zarbalari “terrorchilik hujumlari”ga javob bo‘lganligi aytilgandi. Afg‘oniston esa ushbu hujumlar oqibatida kamida 28 nafar tinch aholi halok bo‘lgani, 49 kishi jarohatlanganini bildirgan.

Yil boshidan buyon Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar yuzlab insonlar hayotiga zomin bo‘ldi. Xitoy vositachiligidagi keskinlikni yumshatishga qaratilgan urinishlar esa hozircha natija bermagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing