Afg‘oniston hukumatini terrorchilar bilan aloqani uzishga chaqiramiz – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Afg‘oniston muvaqqat hukumati jahon hamjamiyatining asosiy talablariga rioya qilishi kerak. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugun, 26 iyul kuni bo‘lib o‘tayotgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida so‘z borgan.

“Biz Afg‘onistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishlari oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun o‘zining qat’iy irodasini namoyon etib, keskin choralar ko‘rishga chaqiramiz”, deyiladi Prezident murojaatida. 

Davlat rahbarining murojaatini Prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov o‘qib eshittirgan. 

QALAMPIR.UZ’ga ma’lum bo‘lishicha, konferensiyada:

Afg‘oniston yo‘nalishida xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan harakatlarini, ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishi, afg‘on xalqiga shoshilinch gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish;

Afg‘oniston yangi hukumati tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablarini (keng vakillik asosida hukumat tuzish, xotin-qizlar huquqlariga rioya qilish va qizlarning to‘laqonli maktab ta’limi olishini ta’minlash) bajarish jarayonini tezlashtirish masalasida xalqaro samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish;

Afg‘oniston Muvaqqat hukumati tomonidan ushbu mamlakat hududidan qo‘shni davlatlar, mintaqaning boshqa davlatlari va butun dunyo xavfsizligi manfaatlariga qarshi foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha olgan majburiyatlarni tasdiqlash;

Afg‘onistonning chet eldagi moliyaviy aktivlariga qo‘yilgan chekovlarni bekor qilish, shuningdek, mamlakat hududida transport-kommunikatsiya va energetika sohalarida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish muhimligini tushuntirish masalalari muhokamaga qo‘yilgan.

Yuqoridagi shartlarning bajarilishiga to‘xtalar ekan, Prezident Mirziyoyev shunday deydi:  

“Bu muvaqqat hukumatga ishonchning mustahkamlanishiga olib keladi, Afg‘oniston uchun yon atrofdagi davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro foydali hamkorlik muhitida barqaror taraqqiy etish bo‘yicha aniq istiqbollarni ochadi”.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Afg'oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot

Baholaganlar

78

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing