Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” muzokaralari Samarqandda o‘tishi mumkin
Jamiyat
−
01 aprel 2019
4607Kecha, 31 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi Hukumat delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afg‘onistonda bo‘ldi.
Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani tomonidan qabul qilindi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Afg‘onistondagi holat yuzasidan ham fikr almashilgan.
Afg‘oniston Prezidenti tinchlik jarayonini boshlash borasidagi faol ko‘magi uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik izhor etgan.
Muhammad Ashraf G‘ani iqtisodiy va infratuzilmaviy hamkorlikni faollashtirganligi uchun Afg‘onistonning O‘zbekistondan minnatdorligini bildirgan. U iqtisodiy hamkorlik mintaqaviy barqarorlikka zamin yaratishini ham ta’kidlagan.
Afg‘oniston rahbari, shuningdek, tinchlik muzokaralarini tashkillashtirish maydoni sifatida Samarqand shahrini tanlagani uchun O‘zbekiston delegatsiyasiga minnatdochilik bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston – Afg‘oniston kun tartibining boshqa masalalari hamda xalqaro va mintaqaviy muammolar ham muhokama qilingan.
31 mart kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Kobul shahriga tashrifi doirasida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Afg‘oniston Prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hamidulla Muhib raisligida Xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston Hukumati Ijroiya kengashi raisi Abdulla Abdulla, Prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hamidulla Muhib,Tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy, BMT Bosh kotibining Maxsus vakili, BMTning Afg‘onistonga yordam missiyasi (UNAMA) rahbari Tadamichi Yamamoto va sobiq Prezident Hamid Karzay bilan muzokaralar o‘tkazgan.
O‘zbekiston va Afg‘oniston iqtisodiy bloki vazirlik va idoralari rahbar va vakillarining alohida uchrashuvlari o‘tkazilib, ularda hamkorlik hajmlarini yanada oshirish, o‘zaro savdoga yangicha shiddat berish, yirik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, Mozori-Sharif–Hirot va Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar temir yo‘l magistrallarini, Surxon–Puli-Xumri elektr uzatish liniyasini barpo etish bo‘yicha takliflarning amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan.
Muzokaralar yakunida qator hujjatlar imzolangan.
LiveBarchasi