Afg‘on oilalari ochlik sabab qizlarini sotib yubormoqda – OAV
Olam
−
28 Oktabr 2021
26329“Tolibon” hokimiyatga kelganidan keyin Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat yomonlashib, ko‘plab afg‘on oilalari o‘z qizlarini sotish yoki odatdagidan ertaroq turmushga berishmoqda. Bu haqda “Euronews” xabar bermoqda.
Nashrning qayd etishicha, Afg‘onistonda bolalar o‘rtasidagi nikoh va bola savdosi yangilik emas, lekin so‘nggi oylarda bunday holatlar ko‘paygan.
Ma’lum qilinishicha, 8 yoshli Asho 23 yoshli afg‘onga 300 ming afg‘oniyga (3 ming dollar) sotilgan. Shukriya endigina bir yarim yoshda, lekin otasi uni 2 800 dollarga sotishga qaror qildi.
Ashoning onasi Bibigulning so‘zlariga ko‘ra, oila ochlikdan qiynalayotgani va qarzlarni to‘lash kerak bo‘lgani uchun qizini sotib yuborishgan.
Yana ikki qizning otasi Muhammad Assanning aytishicha, ochlik va qochqinlar lagerida boshdan kechirayotgan qiyinchiliklar tufayli ikki qizini sotishga majbur bo‘lgan.
Xabarda ta’kidlanishicha, agar xaridorning puli bo‘lmasa, ota-ona evaziga chorva mollari yoki qurol-yarog‘larni olishga tayyor.
Aytish joizki, “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng yuzaga kelgan notinch vaziyat tufayli ko‘plab afg‘onlar moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Oziq-ovqat narxlari oshdi, milliy valyuta qadrsizlandi, boshqa mamlakatlar ham yordam berishni kamaytirdi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi quladi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Shu bilan mamlakatda hokimiyat “Tolibon” qo‘liga o‘tdi. 19 avgust kuni esa toliblar Islom Amirligini tuzdi.
Qayd etish kerakki, Afg‘onistonda toliblarning tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.
LiveBarchasi