Aeroportdagi xodimaga pichoq o‘qtalgan erkak 11 yilga qamaldi

Olam

image

Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Turkisib tuman sudi shahar aeroportida garovga olish holatiga aloqador jinoyat bo‘yicha 67 yoshli Mashrabbek Baratovni 11 yil yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda “Stan.kz” xabar berdi.

Sudlanuvchi Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining garovga olish, qurol ishlatgan holda bezorilik qilish, terrorchilik harakati haqida yolg‘on xabar berish moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan. 

Sud, shuningdek, 2023 yilda unga nisbatan tayinlangan, ammo hali to‘liq ijro etilmagan jazoni – ozodlikni cheklash chorasini yangi jazo muddatiga qo‘shishga qaror qilgan. Shu tariqa, yakuniy jazo muddati 11 yil ozodlikdan mahrum etish bo‘lgan.

Baratov jazo muddatini o‘rtacha darajali xavfsizlikdagi jazoni ijro etish muassasasida o‘taydi. Yengillashtiruvchi holat sifatida, u sud jarayonida o‘z aybini tan olgani e’tiborga olingan (u sudda aeroportga tasodifan tushib qolganini aytgan).

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 mart kuni Baratov ichki reyslar terminalida o‘zini yo‘lovchi sifatida ko‘rsatib, parvozdan oldingi tekshiruv hududiga kirgandi. Aviatsiya xavfsizlik xizmati xodimlari undan hujjatlarini ko‘rsatishni so‘rashgach, u tekshiruv xodimasini sochidan tortib ushlab, unga pichoq bilan tahdid qilgandi. U shuningdek, o‘zida bomba borligi va uni portlatmoqchi ekanini aytgan.

Baratovni Musa Sayranbayuli Abdurayim ismli yo‘lovchi zararsizlantirgan. U Baratov bilan suhbatlashib, o‘zini ayol o‘rniga garovga olishni taklif qilgan, bir muddat e’tiborini chalg‘itgan, so‘ng esa keskin harakat bilan pichoqni tortib olgan.

O‘sha kuni, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev farmoni bilan bu erkak “Mardligi uchun” medali bilan taqdirlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston aeroport pichoq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing