Adworld'ni reklama qilgan ikki bloger ishi sudga yuborildi

3-sahifa

image

Avvalroq, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini litsenziyasiz amalga oshirgan “Adworld Group” kompaniyasi aniqlangandi. Ushbu firmani reklama qilgan blogerlar Otabek Jo‘rayev hamda Abdurahmon Abdurahmonovga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudga yuborildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.

Bildirilishicha, ushbu ikki bloger tomonidan “Adworld Group” MCHJ faoliyatiga oid xorijga ishga yuborish xizmatlari haqida reklama-axborotlari joylashtirilib, fuqarolarga korxona konsalting xizmatlari emas, aynan xorijga ishlash uchun yuborish bo‘yicha xizmatlar bilan shug‘ullanib kelayotgani reklama qilingani aniqlangan.

“Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlari ularda O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda taqdim etilishi belgilangan. Bunda, tegishli litsenziyasiz xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish taqiqlanadi.
Shuningdek, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasida ishlab chiqarilishi va (yoki) realizatsiya qilinishi uchun tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilish taqiqlangan”, deya eslatgan Raqobat qo‘mitasi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda o‘z bloglarini yurituvchi fuqarolar Otabek Jo‘rayev va Abdurahmon Abdurahmonovga nisbatan qonun buzilish holati bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xususiy universitetni reklama qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

reklama bloger Adworld Group

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing