Advokatlarga oid sanksiya berish prokurordan sudga o‘tkaziladi. Sohani rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinadi
Jamiyat
−
28 mart 2020
4724Yaqin kunlarda advokatlarning muhokamasi va taklif berishlari uchun Advokatura institutini rivojlantirish Konsepsiyasining loyihasi e’lon qilinishi kutilmoqda. Ushbu Konsepsiya loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan tayyorlanmoqda. Loyihada advokatning daxlsizligini ta’minlashda ularga nisbatan tezkor qidiruv va sud-tergov harakatlarini amalga oshirish jarayonida sanksiya berishni prokurorlar vakolatidan sudlarga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Bu haqda Adliya vazirligi va Advokatlar palatasining qo‘shma axborotida ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborotiga asoslanib qator elektron ommaviy axborot vositalarida “Prokurorning roziligi bilan advokatning telefonlari va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlari, uzatiladigan xabarlari va ma’lumotlari nazorat qilinadi” degan mazmundagi tarqatilgan xabarlar ko‘pchilik advokatlarning ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozli chiqishlariga sabab bo‘ldi.
Advokatlar palatasi o‘z navbatida, advokatlarning qonun bilan belgilanadigan mavqei xalqaro standartlarga mos kelishi kerakligini ta’kidladi.
Masala yuzasidan Bosh prokuratura va Adliya vazirligi o‘z izohlarini e’lon qildi. Ularda “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga Jinoyat-protsessual kodeksi va “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirishlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini inobatga olib “... telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlarni, xabarlar va ma’lumotlar uzatilishini nazorat qilish” tushunchalarini aniqlashtirish maqsadida kiritilayotgani va bu o‘zgarishlar advokatlarning daxlsizligiga ta’sir qilmasligi bayon qilindi.
Bosh prokuratura va Adliya vazirligi ta’kidlashicha, qonun fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini muhofaza qilishga qaratilgan bo‘lib, zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalari orqali xabarlar va ma’lumotlar uzatilishini nazorat qilishning qonuniy mexanizmlarini mustahkamlaydi.
Amaldagi qonunchilikda advokatning daxlsizligi sifatida unga nisbatan tezkor qidiruv va tergov harakatlarini amalga oshirish uchun Bosh prokuror, Qoraqalpog‘iston Respulikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning sanksiyasi olinishi belgilangan.
Advokatlar xalqaro standartlardan kelib chiqib, sanksiya berish masalasini sudlarga o‘tkazish zarurligini bildirmoqda.
Oxirgi ikki yilda advokatura instituti mustaqiligini ta’minlash va uning inson huquqlarini himoya qilishdagi rolini oshirish bo‘yicha bir qator islohotlar amalga oshirildi. Xususan, advokatlik faoliyatini litsenziyalash jarayoni yengillashdi, litsenziyani to‘xtatish va bekor qilish faqat sud tomonidan amalga oshirilishi belgilandi, ularga soliq yuki ikki barobar kamaytirildi, himoya ostidagi shaxslar bilan uchrashuv va sud-tergov idoralariga kirib chiqish yengillashtirildi.
Shu bilan birga, mamlakatning bugungi rivojlanish ko‘lami advokaturaga oid qonunchilikni rivojlantirish bo‘yicha islohotlarni davom ettirishni talab qiladi. Bu borada o‘tgan yili mamlakatimizga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan ham O‘zbekistonda advokatura institutining mavqeini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish yuzasidan tavsiyalar bergan.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 dekabrdagi PQ–4551-sonli “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Advokatlar palatasi tomonidan Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi tayyorlanmoqda.
Ushbu loyihada sohani tubdan isloh qilish bilan bog‘liq barcha jihatlar, shu jumladan advokatning daxlsizligini ta’minlashda ularga nisbatan tezkor qidiruv va sud-tergov harakatlarini amalga oshirish jarayonida sanksiya berishni prokurorlar vakolatidan sudlarga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Yaqin kunlarda advokatlarning muhokamasi va taklif berishlari uchun Konsepsiyaning loyihasi Palataning rasmiy saytida e’lon qilinadi.
Ma’lumot so‘ngida Adliya vazirligi va Advokatlar palatasi sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha boshqa mutasaddilarni hamkorlikka chaqirmoqda.
“Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Advokatlar palatasi advokatlar hamjamiyatini hamda barcha sohaga aloqador idoralar va mutaxassislarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi tub islohotlarning eng muhim sharti sifatida advokatura institutining mustaqilligi va uning inson huquqlari himoya qilinishini ta’minlashdagi rolini oshirish maqsadida amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilishga chaqiradi”, deyiladi Qo‘shma axborotda.
LiveBarchasi