SSV koronavirusdan o‘lgan bemor haqida haqiqatlarni oshkor etdi
Jamiyat
−
28 mart 2020
113969Avvalroq, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan erkak vafot etgani haqida xabar bergan edik. Sog‘liqni saqlash vazirligi virus qurboni haqida qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 39 yoshli erkak kasallikni Fransiyadan O‘zbekistonga birinchi bo‘lib kasallikni olib kelgan bemor bilan muloqotda bo‘lib, yuqtirib olgan. U o‘z kasalligini dastlab bilgan bo‘lsa-da, o‘zi vrach bo‘la turib, O‘zbekistonda olib borilayotgan shuncha targ‘ibot ishlariga qaramay, shifokorlarga murojaat etmay, uyida yashirincha o‘zicha davolanishga uringani ma’lum bo‘lgan.
U kasallikning og‘ir davri boshlangandan so‘nggina 26 mart kuni Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga tez yordam xizmati orqali yotqizilgan. 27 mart kuni esa Virusologiya ilmiy tekshirish institutiga o‘tkazilgan.
“Shu o‘rinda barchani tashvishga soladigan bir jihat bor: bu bemor uyida bo‘lgan paytda qancha odamlar u bilan muloqot qilgan, muloqotda bo‘lib kasallikni yuqtirib olganlar o‘z navbatida yana qancha insonlarga tarqatgan. Nahotki, kishi o‘z sog‘lig‘i va yaqinlari xavfsizligi uchun shunchalik sovuqqon, befarq, xudbin bo‘lsa. Axir bu o‘z ota-onasiga, farzandlari, nevaralari, qo‘ni-qo‘shnilari, qarindosh-urug‘lari, xalqi, umuman Vataniga xiyonat emasmi? Nega haligacha odamlarimiz bu kasallik qanday dahshatli oqibatlarga olib kelishini anglab yetmayaptilar?!
Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha Prezidentimiz rahbarligida barcha resurslar ishga solinib, zaruriy va qat’iy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buning zamirida eng avvalo xalqimiz, yurtdoshlarimiz, har bir fuqaromiz nobud bo‘lishining oldini olishdek muhim maqsad yotganligini bugun barchamiz qalbdan tushunib, o‘zimiz, oilamiz, yaqinlarimiz hayotini o‘ylab ish tutmog‘imiz kerak emasmi?”, deya ogohlikka chaqirgan vazirlik.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtga kelib, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 104 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor