Tibbiyot qo‘lqoplarini yuvib ishlatsa bo‘ladimi?
Jamiyat
−
28 mart 2020
11509O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi kirib kelishi bilan tibbiy niqob va qo‘lqoplarga talab keskin oshib ketdi. Natijada ushbu mahsulotlarning narxi qimmatladi. Shunday vaziyatda odamlarda bitta tibbiyot qo‘lqopi va niqobini yuvib, bir necha marta foydalanish zarurati paydo bo‘ldi. Ammo bir savol: bitta tibbiyot qo‘lqopidan bir necha marta foydalanish mumkinmi?
Ayni shu savolga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov javob berdi.
“Tibbiy qo‘lqoplar va niqoblar bir marotaba ishlatiladi. Ularni yuvish, qayta ishlatish mumkin emas. Shuning uchun ham ular bir marotabalik.
Biroq oshxonada va farroshlar ishlatadigan shunday xo‘jalik qo‘lqoplari ham borki, ular ancha qalin va dag‘al. Shu bois ularni qaynatish va qayta ishlatish mumkin. Tibbiy niqoblar esa faqat bir marta ishlatiladi”, dedi Otabekov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtga kelib, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 104 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor