“Adolat” SDP Ortiqxo‘jayevga nisbatan qat’iy chora ko‘rilishini talab qildi
Jamiyat
−
17 noyabr 2019
9099Avvalroq, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga oid audio tarqalgani haqida xabar bergan edik. Hokimning jurnalistlar bilan muloqoti deb ishonilayotgan ushbu audioda janob Ortiqxo‘jayev yo‘q qilib yuborish, el-ulus orasida sharmanda qilish bilan tahlid qiladi.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mazkur ovozli yozuvga o‘z munosabatini bildirdi.
Partiya bu holatni inson huquqlari va uning sha’ni, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlarining buzilishi deb hisoblaydi.
"Keyingi uch yilda O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash, jumladan, ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlarga e’tibor o‘zgardi. Chunonchi, mamlakatda so‘z erkinligi qo‘llab-quvvatlanyapti, sohaning chinakam “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga ko‘tarilishiga erishilmoqda. OAVni rag‘batlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ayni pallada ayrim rahbarlarning, xususan, ijro hokimiyati mutasaddilarining ushbu kasb vakillariga nisbatan bunday munosabati kishini jiddiy o‘ylantiradi.
Nega ba’zi mansabdorlar o‘z faoliyatida OAVga suyanishning o‘rniga bepisandlik bilan yondashmoqda?
Nima sababdan avvalgi ba’zi mutasaddilarning “hurmacha” qiliqlaridan poytaxt hokimi J.Ortiqxo‘jayev to‘g‘ri saboq chiqarmadi?
Hokimning og‘zidan yangragan so‘zlar nafaqat jurnalist yoki bloger, balki eshitgan har bir quloq uchun og‘ir botadi. Inson huquqlari ustuvor jamiyatda bu holatni qanday hazm qilish mumkin?", deyiladi partiya izohida.
"Adolat" SDP ushbu holatga Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan himoyaviy chora kutib qolishini bildirgan.
"Shuningdek, jurnalist va blogerlarni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar ijrosini ta’minlanishidagi hissasini hamda jamiyatimizda adolatni o‘rnatishdagi faolligini e’tirof etgan holda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayevga nisbatan qonunda belgilangan tartibda qat’iy chora ko‘rilishini so‘raymiz", deyiladi bayonot so‘ngida.
LiveBarchasi