Adliya vazirligining ishi “Karib dengizi qaroqchilari” filmidagi sahnani eslatdi
Tahlil
−
05 dekabr 2019
13565Davlat tashkilotlari orasida Adliya vazirligi tizimiga hurmatim cheksiz. Ruslan Davletov boshchiligida tizimda amalga oshirilgan o‘zgarishlar tahsinga sazovor. Buni shaxsan bir necha bor e’tirof etganman ham. Lekin yutuqlar doimgidek o‘zimizda qoladi. Kamchiliklarni aytib mukammallikka intilaveramiz.
Joriy yilning 7 noyabr sanasida “Oliy sudgacha yugurtirilgan tadbirkorlar. Farg‘ona shahar hokimligi nega mulkni tortib olmoqchi bo‘ldi?” nomli maqolam e’lon qilingandi. Unda Farg‘ona shahar hokimligi tomonidan “Constant Trading” MCHJga qarashli mulk noqonuniy ravishda tortib olinayotgani aytilgandi. Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan sudlarda yutqazgan jamiyat Oliy sudga kelib yutgandi.
Oliy sudda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa tashkilotlardan vakillar kelib jamiyat foydasiga fikrlar bildirgandi. Oliy sudda yutqazganidan keyin shahar hokimligi o‘z saytida maqolaga yuridik faktlarga asoslanmagan bayonot berdi.
Shundan so‘ng, Kun.uz tahririyatida mazkur maqolaga “Farg‘ona shahar hokimligining tadbirkorga qarshi rejalari: hokimlik kimni aldamoqchi?” nomi ostida munosabat berildi. Unda shahar hokimligining xatti-harakatlari noqonuniy ekani asoslantirilib, ayni vaqtda jamiyatning Farg‘ona shahar hokimi 2019 yil 19 sentyabrda chiqargan 965-sonli qarorni haqiqiy emas topish to‘g‘risidagi arizasi Quva tuman ma’muriy sudida ko‘rib chiqilayotgani ta’kidlangandi.
Ish joriy yilning 3 dekabr sanasida Quva tuman ma’muriy sudi sudyasi A.Jumayev tomonidan ko‘rib chiqildi. Sud majlisida tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Savdo-sanoat palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va boshqa tashkilotlardan vakillar qatnashgandi. Shuningdek, sudda Kun.uz sayti muxbiri ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etgandi.
Sudya A.Jumayev ishni xolis va har taraflama ko‘rib chiqib uni tadbirkorning foydasiga hal qilgandi. Yashasin odil sud, deya jar solinish vaqti kelgach esa orada bir tashkilot paydo bo‘lib qoldi.
Joriy yilning 4 dekabr sanasida Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Adham Turdiyevning materiali O‘zbekiston milliy axborot agentligi va boshqa OAVlarda e’lon qilindi. Unda, qayd etilgan qonunbuzilishi holatiga chek qo‘yish maqsadida Farg‘ona shahar hokimining qarorini bekor qilish bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan 2019 yil 30 noyabrda 1-11/25-1771/8-sonli taqdimnoma kiritilib, uning ijrosi nazoratga olindi. Manbalarga ko‘ra, bu ma’lumot aynan 4 dekabr kuni ommaviy ahborot vositalariga chiqarish uchun tarqatilgan.
Biz “Constant Trading” MCHJning sudlardagi ishonchli vakili bilan bog‘landik. U quyidagicha gapirdi:
“O‘sha kuni sudda Adliyadan hech kim yo‘q edi. Qarorni olgach, bizning manfaatimiz yuzasidan borgan barcha tashkilotlar va ishni xolis ko‘rgan sudga o‘z minnatdorchiligimizni bildirmoqchi edik.
Lekin Adliya vazirligining bu ishi g‘alati chiqdi. Barcha ishni qilgan tashkilotlar qolib, Adliya o‘zini “piar” qilgandek go‘yo. Bu xabarni eshitgan kishi faqat Adliya sabab bu ish ijobiy hal bo‘libdi-da, deb o‘ylaydi.
Eng qizig‘i, shu yilning oktyabr oyida Adliya vazirligining 1008 ishonch raqamiga bog‘lanib, bizning shahar hokimligi bilan bog‘liq muammoimiz kattalashayotganini aytib, amaliy-huquqiy yordam so‘raganman. Ular esa murojaat tegishliligi bo‘yicha Farg‘ona viloyatidagi Adliya tizimi tomonidan ko‘rib chiqilishini og‘zaki bildirgandi. Shu bilan murojaatimiz yerda qolib ketdi. O‘tgan 6-7 oy vaqt ichida bo‘lib-o‘tgan 20ga yaqin sud majlislarida ham qatnashishmagan. Bo‘lmasa, hamma yerda (OAV va ijtimoiy tarmoqlar nazarda tutilmoqda) gapirib kelayotgan edik”, dedi jamiyat ishonchli vakili.
Yuqoridagi holatdan so‘ng, bizda o‘z-o‘zidan bir nechta savollar paydo bo‘ldi. Nega Adliya vazirligi 30 noyabr sanasida kiritgan taqdimnomasini 4 dekabr sanasida e’lon qildi? Sud qarori 3 dekabr kunida tushlikdan so‘ng qabul qilingandi. Nega aynan ish sudda ko‘rib bo‘linguncha kutildi? Yoki sud qarori hokimlik foydasiga hal etilganda, bu bayonot e’lon qilinmasmidi? Bu xabar o‘z vaqtida e’lon qilinganda, shuncha savollar bo‘lmasmidi, balki. Ishingizni ko‘rsatmoqchi bo‘lsangiz, jamiyatda bo‘layotgan barcha nohaqliklarga o‘z vaqtida munosabat bildiring. Kutmang!
Bu kutishlar menga “HOLLYWOOD”ning “Karib dengizi qaroqchilari” birinchi filmini eslatib yubordi. Uning so‘nggi daqiqalarida hukumat askarlari va qaroqchilar urushayotgan sahna bor. O‘lmaslik tavqi la’nati o‘z kuchini yo‘qotib, urush tugab, qaroqchilar askarlarga taslim bo‘ladi. Shu payt ichkaridan hamma qatori “Ura!” deya bir amaldor chiqib kela boshlaydi. Vaholanki, u jang vaqti ichkariga berkinib olgandi. Nima demoqchi ekanimni tushungan bo‘lsangiz kerak.
Aytgancha, ikkala ishda ishtirok etgan Oliy sud sudyalari, Quva tuman ma’muriy sudi sudyasi A.Jumayev va boshqa tashkilotlar vakillariga jamiyat ta’sischilari alohida tashakkurlarini bildirishdi.
LiveBarchasi