Adliya vazirligi Termizdagi Damas ishi bo‘yicha shahar hokimligiga 10 kun muhlat berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qator ommaviy axborot vositalarida Damas rusumli avtomobillarga Termiz shahri ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanish taqiqlanganligi oqibatida noroziliklar paydo bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarga munosabat bildirdi.

“Adliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq hokimliklar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish Vazirlikning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.

Termiz shahar hokimi tomonidan 2019 yil 13 iyunda “Termiz shahrida transport xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan.

Mazkur qaror bilan shu jumladan, 2019 yil 1 iyuldan boshlab Termiz shahri ichida “Damas” rusumli transport vositalari harakatini to‘xtatish bo‘yicha mutasaddi idoralarga vazifalar yuklangan.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, mazkur qaror loyihasi Termiz shahar adliya bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqilib, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi va raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari prinsiplarini buzishi mumkinligi tufayli Savdo-sanoat palatasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmalari bilan kelishilishi lozimligi haqida xulosa taqdim etilgan.

Biroq, Termiz shahar hokimligi tomonidan qaror tegishli idoralar bilan kelishilmasdan, adliya bo‘limining huquqiy ekspertiza yakunlari bo‘yicha ijobiy xulosasini olmagan holda qabul qilingan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, 10 kunlik muddatda mazkur qarorni bekor qilish, shuningdek aybdor shaxslarga tegishli choralar ko‘rilishi uchun 2019 yil 3 iyul kuni Termiz shahar adliya bo‘limi tomonidan Termiz shahar hokimligiga taqdimnoma kiritildi.

Ma’lumot o‘rnida Adliya vazirligi mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish amaliyoti qat’iy nazorat ostiga olinganligini, bu bo‘yicha hududiy adliya organlari tomonidan hokimliklarga tegishli huquqiy va metodik yordam ko‘rsatib kelinayotganligini bildiradi.

Xususan, 2019 yilning o‘tgan davrida tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan kiritilgan taqdimnomalarga asosan tuman (shahar) hokimlarining 160 ta qarorlari bekor qilingan, 165 nafar mas’ul shaxs javobgarlikka tortilgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

Termiz Adliya vazirligi

Baholaganlar

27

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing