Adliya vazirligi “kvartira”lar narxi asossiz oshirilayotganiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
11 Oktabr 2022
10488So‘ngi vaqtlarda O‘zbekistonga xorijdan tashrif buyuruvchi fuqarolarning keskin ko‘payishi kuzatilmoqda. Bu jarayonda ayrim o‘zbekistonliklar tomonidan uy-joy ijarasi orqali ko‘proq daromad olish maqsadida avval ijaraga berilgan kvartiralardan ijarachilarni majburlab chiqarib yuborish yoki asossiz ravishda narxni oshirish holati kuzatilmoqda.
Adliya vazirligi poytaxt va boshqa shaharlarda uylar ijara narxining oshirilishi yuzasidan tushuntirish berdi.
Qayd etilishicha, uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yozma shaklda tuzilishi, bunda shartnoma soliq organlarida davlat hisobiga qo‘yilishi kerak. Shartnomani davlat hisobiga qo‘yish ijaraga beruvchining majburiyati hisoblanadi va bu shartnoma tuzilgan kundan 3 kundan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak. Ijaraga beruvchi shartnomani davlat soliq organlarida hisobga qo‘ymasa BHMning 5 baravaridan (1 mln 500 ming so‘mdan) 10 baravarigacha (3 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ijara shartnomasining muddati
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi. Shartnomada muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u 5 yilga tuzilgan hisoblanadi. Ijaraga oluvchi yangi muddatga shartnoma tuzishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.
Ijara uchun to‘lanadigan haq
Ijara haqi miqdori ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining o‘zaro kelishuviga binoan shartnomada belgilab qo‘yiladi. Ijara haqining miqdori bir tomonlama o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ijara puli shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lanishi kerak.
Shartnomani bekor qilish
Ijara shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi. Ijara shartnomasini ijaraga beruvchining talabi bilan bekor qilish muayyan asoslarga ko‘ra faqat sud tartibida amalga oshiriladi.
Bu asoslar jumlasiga quyidagilar kiradi:
• ijara puli olti oy yoki qisqa ijarada esa shartnomadagi muddatdan keyin 2 martadan ko‘proq haq to‘lanmagan bo‘lsa;
• uy-joy vayron qilinsa yoki unga putur yetkazilsa;
• uy-joydan g‘ayriqonuniy maqsadlar uchun foydalanilgan bo‘lsa.
Ijaraga oluvchi uy-joydan boshqa maqsadda foydalansa yoki qo‘shnilarning huquqlari va manfaatlarini buzsa, ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirishi mumkin.
Ijaraga oluvchi ogohlantirish olganlardan keyin ham qoidabuzarliklarni davom ettirsa, ijaraga beruvchi shartnomani sud tartibida bekor qilishga haqli.
Yuqoridagilarga ko‘ra, shartnoma shartlarini bir tomonlama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ijaraga beruvchilar tomonidan kvartiradan chiqib ketish yoki ko‘proq haq to‘lashga oid noqonuniy talablar ustidan fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlarga murojaat qilish orqali buzilgan huquqlarni tiklash mumkin.
Hujjatlarni, shu jumladan da’vo arizasini rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy yordam olish uchun adliya organlariga hamda “Madad” NNT va uning hududiy byurolariga (+99871 256 52 53, advice.uz) murojaat qilishingiz mumkin. Adliya hujjatlarga yordam beradi!
LiveBarchasi