Rossiyadagi so‘nggi mustaqil qog‘oz gazeta “xorijiy agent” deb e’lon qilindi
Olam
−
14 Sentabr
3842Rossiya Adliya vazirligi “Sobesednik-Media” MCHJning mamlakatdagi so‘nggi mustaqil qog‘oz gazetasi “Sobesednik”ni “xorijiy agentlar” reyestriga kiritdi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Vazirlik o‘z qarorini gazeta go‘yoki Rossiya Federatsiyasi davlat hokimiyati organlarining harakatlari va ularning siyosati to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari haqida salbiy imij yaratishga qaratilgan materiallarni tarqatganligi bilan izohlagan. “Sobesednik”ning ayblari qatorida muharrirning urushga qarshi pozitsiyasi va gazetaning “xorijiy agentlar” materiallarini keng ommaga tarqatishdagi ishtiroki ham sanab o‘tilgan.
Qayd etilishicha, “Sobesednik”dan tashqari, “xorijiy agentlar” ro‘yxatiga Semilukskiy okrugi xalq deputatlari kengashining sobiq deputati Nina Belyayeva, “Yabloko” partiyasi Tula bo‘limi raisi Vladimir Doroxov, musiqachi Mixail Yejov va boshqa bir qator shaxslar hamda Telegram-kanallar ham kiritilgan.
Ma’lumot uchun, “Sobesednik” 1984 yildan beri mavjud bo‘lgan Rossiyaning haftalik ijtimoiy-siyosiy gazetasi hisoblanadi. Nashr Vladimir Putin hokimiyatini tanqid qilish va muxolifat vakillarini qo‘llab-quvvatlashi bilan mashhur. Xususan, muxolifatchi Aleksey Navalniy vafotidan keyin gazeta uning suratini “...Lekin umid bor” degan sarlavha bilan chop etgan. Rossiyadagi asosiy federal ommaviy axborot vositalarining aksariyati esa Navalniyning o‘limi haqidagi xabarlarni e’tiborsiz qoldirgan.