Adliya vaziri propiska muammosi uzil-kesil hal bo‘lishini aytdi
Jamiyat
−
04 fevral 2020
8747O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti parlamentga murojaatida propiska ko‘pchilikning oyog‘iga tushov bo‘lgani, bu masalani isloh qilish kerakligini aytib bu tartibni tanqid qilgan edi. Ushbu masala kuni kecha Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan jurnalistlar va blogerlar o‘rtasida o‘tgan uchrashuvda ham ko‘tarildi.
Adliya vaziri bu masalaga nisbatan munosabat bildirarkan, poytaxtda yangi qurilayotgan uylarni sotib olgan kishilar imtiyoz asosida propiskaga ega bo‘lishi bilan bog‘liq yangi loyiha Adliya vazirligining g‘oyasi va uni vazirlik amalga oshirganini aytdi.
“Buni keyin yangi uy qurayotganlarning lobbisi deb chiqishdi. Hech kimni kallasida bo‘lmagan bu. Bosqichma-bosqich, yengillik kiritaylik deb qilingan ish edi. Sekin-sekin hammasini qilib, ko‘tarib buni o‘ziga yarasha qonunchilik jarayoni bor, vazirliklar bor. Hammaning fikri e’tiborga olinishi kerak. Shuning uchun shu jarayon e’tiborga olinishi kerak. Bu kulmmnatsion nuqta bo‘ldi, ya’ni davlatimiz rahbari ham gapirdi”, deydi Adliya vaziri.
Hukumatning Bosh yuristi bu masala yaqin kelajakda hal bo‘lishi va ishchi guruh tuzilgani haqida ma’lum qildi.
“Bu bo‘yicha yo‘llarimiz ochilyapti. Bizga “Xalqaro tajribani o‘rganib, shuni asosida kiritinglar” degan topshiriq bo‘ldi. Vaqt berilmoqda. Bu bo‘yicha ham ishchi guruh tuzilib, ishini qiladi. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda O‘zbekiston uchun bu masala uzil-kesil hal bo‘lishi kerak. Biz ham shuning tarafdorimiz”, deydi u.
Adliya vaziri shuningdek propiska tartibi paytida deputatlar tashabbusi bilan qonunga kiritgani haqida aytdi.
“Bu masalani deputatlar ham tanqid qilishdi. Lekin bu tartibni (propiska) deputatlarning o‘zi tashabbus qilib chiqargan-ku. Bugungi kunda bu qonunda turibdi-ku. Bu gapim hali hamma joyga ketsa kerak. Biz buni oqibatlarini yengillashtirib keldik. Propiska bo‘lmasa ham hech narsa qilmaydigan, ya’ni propiska bo‘lmasa vujudga keladigan oqibatlarni yengillashtirib keldik. Hech narsaga ta’sir qilmaydigan qilib keldik. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda o‘z yechimini topadi”, deydi Ruslanbek Davletov.
LiveBarchasi