Abror Muxtor Aliyning oilasida og‘ir judolik
Jamiyat
−
14 Oktabr 2021
60722O‘zbekistonlik taniqli diniy soha vakili Abror Muxtor Aliyning oilasi og‘ir judolik. Joriy yilning 12 oktyabr kuni O‘zbekiston Musulmonlari idorasining "Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi mudiri o‘rinbosari Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy)ning 7 yashar farzandi Muhammad To Ha vafot etdi.
Farzandining vafoti haqida Abror Muxtor Aliyning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali xabar bergan.
“Bundan yetti yil muqaddam kutilayotgan olti oylik farzandimizni UZIga olib bordik. Doktor ayol tekshiruvdan so‘ng, “Bolada rivojlanish yaxshi emas, oldiringlar”, dedi. Ustozlarimizdan Muhammad Aybxon domlaga telefon qildim, maslahat so‘radim. Boshqa doktorga yo‘lladilar, olib bordik, u ham shunday dedi. UZI bo‘yicha eng mutaxassis, deb bir koreys ayolga uchrashimni aytdilar, unga bordik. U ham oldiringlar, tug‘ilsa ham baribir ikki yilga bormaydi, qiynalganinglar qoladi, dedi. Uning oldidan chiqdik… Mashinada jim ketyapmiz. “Nima bo‘lsa ham dunyoga keltiraveraman, bola boqib qiynalsam men qiynalay, ajr bor-ku”, dedi ayolim tomog‘iga bir narsa tiqilgudek… Keyin uch oy o‘tib Muhammad To Ha tug‘ildi, juda shirin edi. Faqat bemor edi. Yetti yil uyimizda xuddi farishtadek yashadi, hech kimni qiynagani yo‘q, balki hammamizning “Asaltoy”imiz edi… Bugun tongda bomdodga azon aytar pallada shu o‘g‘limiz Ibrohim alayhis salomning oldilariga ketdi, in shaa Alloh, bizlarni jannatda kutib oladi. Siz azizlardan ham duo umidimiz bor!”, deb yozadi Abror Muxtor Aliy.
QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari nomidan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.