Abxaziyada muxolifat hukumat binolarini egallab oldi (video)
Olam
−
15 noyabr
7002Tan olinmagan Abxaziya respublikasida muxolifat vakillari hukumat binolari majmuasini to‘liq nazoratga oldi. Tartibni ta’minlash uchun ichkarida bo‘lgan kuch tuzilmalari xodimlari esa binolarni tark eta boshladi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, namoyishchilar avvaliga Suxumidagi “prezident” ma’muriyati binosi eshigini buzib kirib, u yerni egallab olgan. Keyinchalik muxolifat hukumat binolari majmuasining barcha qismlarini, shu jumladan, respublika vazirlar mahkamasi va parlament binosini ham nazoratga olgan. Buning ortidan tartibni saqlashga mas’ul bo‘lgan kuch tuzilmalari xodimlari binolarni tark etishni boshlagan.
Qayd etish joiz, Abxaziyada norozilik namoyishlari bir necha kundan beri davom etmoqda. Mahalliy muxolifat asosan Moskva va Suxumi o‘rtasidagi respublikaga Rossiya investitsiyalarini jalb qilishga doir kelishuvga norozilik bildirmoqda. Muxolifatga ko‘ra, bu kelishuvdan Abxaziya iqtisodiy foyda olmaydi va undan voz kechish zarur.
Ma’lumot uchun, Abxaziya – Qora dengiz sohilida joylashgan, Shimoliy Kavkazning janubiy qismidagi hudud. Abxaziya o‘zini mustaqil davlat deb e’lon qilgan, ammo xalqaro miqyosda uning mustaqilligi tan olinmagan. Ko‘plab davlatlar, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti uni Gruziya hududi deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abxaziyada namoyishchilar mamlakat parlamenti oldidagi to‘siqni buzib, uning hududiga bostirib kirgani va oqibatda kuchishlatar tuzilmalar bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgani xabar qilingan edi.