Abituriyentlarning 2,5 mingta xalqaro sertifikati noqonuniy bo‘lib chiqdi
Jamiyat
−
05 iyul
78052024/2025 yil o‘quv yilida 22 632 nafar abituriyent hujjat topshirish jarayonida chet tilidan xalqaro sertifikat yuklagan bo‘lib, ulardan 2 569 ta sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanmadi. Bu haqda Bilim va malakalarni aniqlash agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilda jami 894 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 410 415 nafarini (46%) joriy yil bitiruvchilari, 483 864 nafarini (54%) esa avvalgi yillarda bitirgan abituriyentlar tashkil etdi. Ro‘yxatdan o‘tish talablarini to‘liq bajargan 805 688 nafar abituriyentga test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berildi (2023 yilda – 948 ming 486 nafar).
Test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan abituriyentlarning 422 400 nafarini xotin-qizlar (52,4 %), 383 288 nafarini erkaklar (47,6 %), tashkil etadi.
Joriy yilda 489 118 nafar (60,7 %) abituriyent test sinovida ishtirok etish uchun belgilangan to‘lovdan ozod etilgan.
Joriy yilda doimiy yashash hududi bo‘yicha eng ko‘p Samarqand viloyatida 95 979 nafar, Qashqadaryo viloyatida 92 636 nafar, Farg‘ona viloyatida 79 808 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Abituriyentlarning 46 244 nafari alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga, 12 851 nafari oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan.
Ro‘yxatdan o‘tishda 22 632 nafar abituriyent chet tilidan xalqaro sertifikat yuklagan bo‘lib, ulardan 20 063 tasining haqiqiyligi tasdiqlandi, 2 569 ta sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanmadi.
Bundan tashqari, 30 637 nafar chet tilidan, 20 684 nafar umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Test sinovlarini adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o‘tkazish orqali 2 690 nafar guruh nazoratchisi tanlab olindi. Bundan tashqari gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 139 nafar surdotarjimon jalb etiladi.
Shuningdek, abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga javob berish uchun 1195 qisqa raqamli murojaatlar markazi (“Koll markaz”) doimiy xizmat ko‘rsatmoqda.
Qabul jarayoniga oid mavzulashtirilgan videoroliklar (o‘zbek va rus tillarida surdotarjima bilan) tayyorlanib, e’lon qilib borilmoqda.