O‘qituvchilarga qo‘shimcha pul va abituriyentlarga ball beradigan milliy sertifikat cheklanadimi?

Tahlil

−

Reklama
0:00

Bilim va malakalarni baholash agentligining nomi o‘zgardi – “tezlik va reaksiyalarni baholash agentligi”. Ro‘yxatdan o‘tish o‘qishga kirishdek gap bo‘lib qoldi. Lotereyaga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi.

Abituriyentlarni imtihondan ozod qiladigan, o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustama puli olib keladigan milliy sertifikat atrofida oxirgi kunlarda muhokamalar avjida. Chunki imtihon topshirishda o‘rinlar sonining limitlanishi haqida xabarlar tarmoqlarda tarqaldi. Xo‘sh, o‘zi vaziyat qanday? Qalampir.uz mavzuni batafsil o‘rgandi.

Gap shundaki, endilikda talabgorlar imtihon o‘tkaziladigan hududlardagi mavjud o‘rinlar doirasida ro‘yxatga olinadi. Buning uchun 2026 yilning sentyabr-dekabr oylariga jami 496 ming 303 ta o‘tirish o‘rni belgilangan bo‘lib sentyabr oyida – 125 ming 753 ta, oktyabrda – 129 ming 535 ta, noyabrda – 112 ming 335 ta, dekabrda esa – 128 ming 680 ta o‘rin talabgorlar uchun ochiq. O‘rinlar soni belgilanayotganda esa nafaqat auditoriyalarning sig‘imi, balki avvalgi imtihonlardagi talabgorlar soni, testlarni tayyorlash, nazoratni tashkil etish va natijalarni o‘z vaqtida hisoblash imkoniyatlari ham hisobga olingan.

Mutaxassisning aytishicha:

“Biz imtihonlarni sifatli tashkil etish uchun oldindan rejalar tuzishimiz kerak. Imtihonlar sanalarini oldindan belgilashimiz kerak. Har bir hududda bir vaqtning o‘zida qancha talabgor imtihonda ishtirok etishi mumkin? Qancha talabgorni biz sifatli holda imtihondan o‘tkaza olamiz? Mana shu imkoniyatlarni o‘rganishimiz kerak degan mazmunda to‘liq o‘rganishlar va xalqaro tajribadan hamda har bir hududda talabgorlarni o‘tirish o‘rnidan kelib chiqib, ro‘yxatga olish mexanizmi joriy etildi”.

Milliy sertifikat O‘zbekistonda 10 ta fandan beriladi. Ular – matematika, fizika, kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot, tarix, geografiya, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti, huquqshunoslik hamda xorijiy tillar. Xo‘sh, imtihon topshiruvchilar sonining limitlanishiga aholi nima deydi?
“Yo‘q, yo‘q, menimcha, unaqa navbat shart emas. Kim o‘zini loyiq deb bilsa, to‘lovini qilib, topshiravergani yaxshi”, deydi suhbatdoshlarimizdan biri.
Aholi vakillaridan yana bir esa shunday fikrda:

“Menimcha, hozirgi paytda bu tizimni tashkil qilish to‘g‘ri. Chunki sertifikat olganlar ko‘payib ketdi. Shuning uchun ballar ham ko‘tarilib ketdi”.
“Bundan oldin biz ham abituriyent bo‘lib, milliy sertifikat topshirgan paytimizda, oxirgi yil imtihon topshiradiganlar soni ko‘payib ketdi. Hamma tavakkalchilar ham, bilgan ham, bilmagan ham, ustozlar ham kirishni boshladi. Odamlarni o‘rnini, ya’ni sonini cheklagandan ko‘ra, menimcha, topshiradigan odamlar, masalan, o‘qituvchilar kirmasligi kerak, abituriyentlarning o‘zi topshirishi kerak deb o‘ylayman. Lekin joyini cheklash, qanchalik to‘g‘ri, noto‘g‘riligini bilmadim”, deydi avvalgi yillarda imtihon topshirganlardan biri.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, limitni “kam joy ajratildi” deb baholashga asos bo‘ladigan holat mavjud emas. Chunki 2025 yil noyabr oyida ona tili va adabiyot fanidan qariyb 80 ming nafar talabgor ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, bu yil shu fan uchun bir imtihonga 97 mingdan ortiq o‘rin rejalashtirilgan. Tarix faniga esa o‘tgan yilgi qariyb 24 ming nafar talabgor o‘rniga bu yil 30 mingdan ortiq o‘rin ajratilgan.

Bundan tashqari, o‘tgan yil ikkinchi yarim yillikda bu fanlarning har biridan-bir martadan imtihon o‘tkazilgan bo‘lsa, bu yil ular bo‘yicha imtihonlar ikki martadan tashkil etilmoqda. Ya’ni o‘rinlar soni bir martalik imtihon bilan cheklanmaydi.

“Biz bu yil grafikka ham shunday o‘zgartirish kiritdikki, talabgorlar sonini belgilash bilan birga, biz imtihonlarning intervalini tezlashtirdik. Ya’ni bitta imtihonga sifatli tayyorgarlik ko‘raylik va keyingisiga tayyorgarlik ko‘rib, uni ham tezroq o‘tkazaylik. Shunda biz ko‘proq odamning bilimini baholashimiz mumkin bo‘ladi. Shu maqsadda, har ikki oyga bittadan imtihon qo‘ydik. Har bir fan bo‘yicha qo‘ydik. Mana, oktyabr oyida ona tili va adabiyot va tarix fanidan imtihon bo‘ladigan bo‘lsa, dekabr oyida ham yana aynan shu fanlardan imtihon o‘tkaziladi. Bu degani, 100 mingga yaqin ona tili va adabiyot fanidan talabgorga ikki marta imtihon bo‘ladigan bo‘lsa, salkam 200 ming degani. Tarix fanidan 30 mingdan ortiq talabgorga ikki marta imtihon bo‘ladigan bo‘lsa, 60 mingdan ortiq degani. O‘tgan yil bilan taqqoslaganda, bemalol 2,5–3 baravar ko‘p joy rejalashtirilgan”, deydi Jamshidbek Odilov.

Demak, tizimni o‘zgartirishdan maqsad – bir imtihonga cheksiz miqdorda talabgor yig‘ish o‘rniga, imkoniyatni oldindan hisoblash va imtihonlarni ko‘proq sanaga taqsimlash hisoblanadi.

Natijada 2026 yil sentyabr-dekabr oylarida matematika, kimyo, geografiya, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan ikki martadan, huquqshunoslik fanidan esa bir marta, jami 15 ta imtihon o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eng talabgir yo‘nalishlardan biri bo‘lgan ona tili va adabiyot fanidan avvalgi yilda dastlabki kunlarda ro‘yxatdan o‘tish yuqori bo‘lmagan, ammo yangi tartib joriy qilingach, aynan ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish boshlangach, ajratilgan o‘rinlar qisqa vaqt ichida to‘lib qolgan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarning 50 foizi ham to‘lovni amalga oshirmagan. Ayrimlar esa arizasini bekor qilmoqda.

“Noto‘g‘ri targ‘ibotlar orqasidan agentlik tomonidan juda kam limit ajratilgan, tezroq ro‘yxatdan o‘tish kerak degan turli fikrlar tarqaldi va qisqa vaqt ichida o‘sha yarim kunda, deyarli ajratilgan joylar to‘liq to‘lib qoldi. To‘lib qoldi deganda ham, biz bu narsani to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak. Talabgorlar shunchaki kirib, ariza qoldirishdi, xolos. Bilamizki, imtihonlar ma’lum to‘lov asosida tashkil etiladi. Bu to‘lovlar imtihonlarni sifatli tashkil etish, imtihon xarajatlarini qoplash uchun ishlatiladi. Mana hozirgi kunga kelib, ona tili va tarix fanidan 130 mingdan ortiq talabgorlar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, ularning hali 50 foizi ham imtihon uchun to‘lovni amalga oshirmagan va jarayonda ko‘ryapmizki, juda ko‘plab talabgorlarimiz topshirgan arizasini shunchaki bekor qilib ketyapti. Ya’ni shoshma-shosharlik bilan, imtihonga hali tayyorgarlik ko‘rmagan, imtihonda hali qatnashishi aniq bo‘lmagan, hali qatnashamanmi-yo‘qmi degan fikrdagi odamlar ham yoppasiga ro‘yxatdan o‘tgan. Biz ajratgan joy uchun talabgorlar to‘lovni amalga oshirib, oxirigacha band qiladigan bo‘lsa, ular imtihonda albatta ishtirok eta oladi. Lekin ular arizasini bekor qilib ketadigan bo‘lsa yoki to‘lovni amalga oshirmaydigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan mavjud o‘rinlar qayta ro‘yxatdan o‘tishga chiqariladi. Buni sodda tilda, agar keng jamoatchilikka tushuntirish misolida oladigan bo‘lsak,  hammamiz temir yo‘lga yoki samolyotga chipta olganmiz. Kiramiz, temir yo‘lda chipta olmoqchi bo‘lsak, bizga joyni band qilganimizdan so‘ng, to‘lovni amalga oshirish uchun 15 daqiqa vaqt beriladi. Yoki samolyotda to‘lovni amalga oshirish uchun 30 daqiqa vaqt beriladi. Va mana shu vaqt ichida biz tanlagan joy band qilib turiladi, boshqa odam buni ololmaydi. Lekin mana shu vaqt ichida to‘lovni amalga oshirmasak, o‘z-o‘zidan bizning arizamiz bekor qilinadi va boshqa odam shu chiptani olishi mumkin. Biz ham shuni rejalashtiryapmizki, imtihon uchun hozir joyni band qilib turgan talabgorlarimiz to‘lovni amalga oshirmaydigan bo‘lsa, imtihonda ishtirok etish istagini bildirmaydigan bo‘lsa, ularning o‘rniga boshqa imtihonda ishtirok etish istagini bildirgan talabgorlarimiz ro‘yxatdan o‘tib, to‘lovni amalga oshirgan holda qatnashishlari mumkin bo‘ladi”, deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi bo‘lim boshlig‘i

Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, yangi tartib tufayli ruhiy zarba olishingizga hozircha zarurat yo‘q. Imtihonlar esa sizning tezligingizni emas, bilimingizni baholash uchun xizmat qiladi.

Jasmina Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing