Abituriyentda telefon aniqlansa, nafaqat bu yil, kelasi yil ham imtihonga yaqinlashtirmaymiz – Musayev
Jamiyat
−
15 iyun 2020
7358O‘zbekistonda an’anaviy tarzda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari har yilning 1 avgustida o‘tkazilib kelinar edi va shu kuni tushgacha barcha uyali aloqa kompaniyalari faoliyatida tanaffus e’lon qilinar edi. Biroq so‘nggi ikki yilda ushbu amaliyotga chek qo‘yildi.
“O‘tgan yili test sinovlari davomida uyali aloqa kommaniyalari faoliyati to‘xtagani yo‘q. Mas’ul idoralar tomonidan imtihon vaqtida telefon tarmog‘ini cheklovchi maxsus uskuna o‘rnatilishi aytildi, ammo unday bo‘lmadi. Telefon olib kirish bo‘yicha nazorat ham kuchli bo‘lgani yo‘q. Bu yil esa tekshiruv yanada qiyinlashadi. Boisi abituriyentlarni tekshirayotgan kishining salomatligi uchun ham xavf tug‘ilmoqda. Bu yil ichkariga telefon olib kirish imkoniyati juda yuqori. O‘tgan yili shaxsan o‘zim test sinovlari o‘tkazilayotgan bir necha binolarda guvohi bo‘ldimki, aloqani ushlab qoluvchi uskunalar ishlagani yo‘q. Bu adolat va shaffoflikka jiddiy ta’sir qiladi. Buning oldini olish qanday rejalashtirilmoqda?”. Ushbu savol bilan bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bekzod Musayevga yuzlandi.
“Bu muammoni hal etish uchun biz ham huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan muloqot qilib turibmiz. Imtihonlar o‘tadigan joylar tayyorlangandan keyin baribir tekshirishlarni amalga oshiramiz. Hozir Davlat test markazi test o‘tkazilayotgan hududga nimalar olib kirish mumkin emasligini o‘z roliklarida doimiy asosda ko‘rsatib turibdi. Bular: mobil telefonlar, planshetlar va hokazo. Agar kimdir olib kirish niyatida bo‘lsa, baribir tekshiruv va ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tekshiruvchini ham himoya qiladigan, shu bilan birga nazoratni kuchaytiradigan element yaratamiz. Ammo imtihon kunlari telefonlarni o‘chirib qo‘yadigan bo‘lsak, bu ham katta qiyinchilik tug‘diradi. Mo‘ljalimiz bo‘yicha butun avgust oyi – test oyi bo‘ladi.
Berkitib olib kirilgan telefonni aniqlash mehanizmi mavjud, bu qiyin emas. Biror abituriyentda telefon aniqlansa, nafaqat bu yil, kelasi yil ham imtihonga yaqinlashtirmaymiz. O‘yin qoidalari avvaldan e’lon qilinadi. Nazorat tizimi kuchli bo‘ladi”, deydi Musayev.
LiveBarchasi