Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonda zotiljam avj olayotganini tan oldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirusdan tashqari o‘pka yallig‘lanishi – zotiljam xastaligi ham juda tezlik bilan avj olib bormoqda. Birgina Toshkent shahrida joriy yilning iyun oyi boshida zotiljam xastaligi bo‘yicha 3 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, hozirga kelib kuniga 500 dan ortiq shunday murojaatlar ro‘yxatga olinmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Bekzod Musayev “O‘zbekiston 24” teleradiokanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

“Issiq kelgach, virusning tarqalishi kamayadi degan taxminlar ham bor edi. Ko‘rib turganingizdek, issiq bo‘lishiga qaramasdan kasallik tarqalishi juda avj olmoqda. Avvallari bu virus chet davlatdan kelgan, davlat chegaralaridan o‘tayotgan fuqarolarda aniqlangan bo‘lsa, afsuski, hozirgi kunda virusning asosiy o‘chog‘i aholi orasida bo‘lib qoldi. Yangi holatlarning 70-80 foizi aholi orasida aniqlanmoqda”, deydi Musayev.

Bosh vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, ayni vaqtda O‘zbekistonda tez yordam xizmatiga bo‘lgan murojaatlar  soni 2,5 baravarga oshgan. 

Ma’lumki, O‘zbekistonda joriy yilning 10 iyulidan 1 avgustiga qadar karantin choralari kuchga kirdi. Respublika maxsus komissiyasining bugun, 26 iyul kuni qabul qilgan qarori bilan karantin 15 avgustgacha uzaytirildi. Musayev bu haqda gapirarkan, karantin choralari kuchaytirilmaganda tez tibbiy yordamga bo‘lgan murojaatlar soni 2,5 baravardan ham oshib ketishi mumkinligini urg‘uladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Bekzod Musaev Zotiljam

Baholaganlar

1107

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing