Aholining qanchasida koronavirusga immunitet borligini aniqlash uchun test o‘tkazish boshlanadi
Jamiyat
−
20 iyul 2020
13560O‘zbekiston aholisida koronavirusga qarshi antitana tahlilini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Olingan namunalardan fuqarolarning qanchasida koronavirusga qarshi immun tizimi shakllanganini bilish mumkin. Bu haqda bugun, 20 iyul, Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
Bosh inspektorning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadagi ba’zi bir ma’lumotlarda odamlarning 70 foizigacha antitana bor degan xulosalar paydo bo‘lyapti. Ammo bu ishonarli ma’lumot emas.
Otabekovning ta’kidlashicha, kasallik O‘zbekistonda 15 mart kuni qayd etilgan bo‘lsa-da, bu infeksiya respublikaga undan avvalroq kirib kelgan, degan taxminlar yo‘q emas. Odamlardan olingan namunalardan antitanalarni aniqlash orqali aholining qancha foizida immun tizimi borligini isbotlash mumkin bo‘ladi. Bu kelgusida kasallik ko‘rsatkichi qanchaga ko‘tarilishi yuzasidan aniqroq bashorat qilish imkoniyatini beradi.
“Biz aniq bilamiz, kasallikka chalingan odamlar infeksiyani yuqtirganidan keyin yettinchi, sakkizinchi kuni davom etayotgan bo‘lsa, u holatda organizmda antitanalar ishlab chiqarish boshlanadi. Biz antitanalarni aniqlash usullarini ham amaliyotga kiritish orqali PZR laboratoriyalariga bo‘layotgan yuklamalarni bir munchaga kamaytirishga harakat qilyapmiz.
Asosiy maqsad, kim tekshirishga muhtoj bo‘lsa, kimning tahlilini amalga oshirish o‘ta zarur bo‘lsa, shunga ahamiyat qaratishimiz kerak bo‘ladi”, deydi Nurmat Otabekov.
Avvalroq, Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, professor Habibulla Oqilov ham koronavirusga qarshi antitanachalarni aniqlash O‘zbekistonda endi yo‘lga qo‘yilishini aytgandi.
LiveBarchasi