Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi
Jamiyat
−
16:15 829 2 daqiqa
O‘zbekistonda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish uchun alohida mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil etiladi. Bu haqda bugun, 7 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish yuzasidan takliflar taqdimotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimini qayta tashkil etish maqsadida “Hududgazta’minot” ta’sischiligida “LPG-Trade” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish taklif qilinmoqda. Ushbu tuzilma suyultirilgan gazni birja orqali xarid qilib, belgilangan tartibda odamlarga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Shu bois, suyultirilgan gazning chakana narxini belgilashda iqtisodiy asoslangan mexanizmlarning samarali ishlashi ta’minlanadi. Bunda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun kompensatsiya to‘lanishi belgilanadi.
Bu orqali narx siyosati bosqichma-bosqich tartibga solinib, ehtiyojmand oilalar uchun manzilli qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etiladi. Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar umumiy subsidiya o‘rniga aniq iste’molchiga yo‘naltirilishi tizimning adolatliligi va samaradorligini oshiradi.
Ijtimoiy soha ob’ektlarining ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazni birja narxlarida yetkazib berish, aholiga belgilangan narxda sotish natijasida yuzaga keladigan salbiy tafovutni respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplash tartibi ham ko‘zda tutilmoqda.
Xususiy sektor ishtirokini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Andijon viloyatida suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoniga xususiy operatorlarni jalb etish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur jarayonda operatorlarda zarur litsenziya va ruxsatnomalar, malakali muhandis-texnik xodimlar bo‘lishi, xizmatlar kamida ikki operator tomonidan amalga oshirilishi, iste’molchilar uchun mobil ilova va onlayn xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Iste’molchilar soni va hududiy masofalardan kelib chiqib, shaharsozlik normalari hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan shoxobchalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu tajribani keyinchalik boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish grafigini qat’iy yo‘lga qo‘yish, hisob-kitoblarni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, sun’iy taqchillik va asossiz narx oshishining oldini olish bo‘yicha topshiriqlar bergani haqida xabar qilingan edi.
Live
Barchasi