Aholi foydalanayotgan yerlarini xususiylashtirishi uchun to‘lov kamaytiriladi
Jamiyat
−
30 noyabr 2022
15592Aholi o‘zi foydalanib kelayotgan yerlarni xususiylashtirishi uchun undiriladigan to‘lov miqdori kamaytiriladi. Bu haqda bugun, 30 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yerlarni auksion orqali sotishni soddalashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishishi chog‘ida aytib o‘tildi.
Aholi o‘zi foydalanib kelayotgan yerlarni xususiylashtirishi mumkinligi yaxshi imkoniyat. Hozirda buning to‘lovi yillik yer solig‘ining 20 baravari miqdorida. Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda bergan ko‘rsatmalariga muvofiq, bu qiymat Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida yer solig‘ining 10 baravari, boshqa hududlarda 5 baravari miqdorida belgilanmoqda.
Taqdimotda qayd etilishicha, amaldagi ishlar tahlili yerlarni xususiylashtirin tizimida ayrim kamchiliklar borligini ko‘rsatgaan. Masalan, auksionga chiqarish taklif etilgan 12 mingtadan ziyod uchastka qishloq xo‘jaligi yerlarida yoki muhofaza hududida joylashganligi aniqlangan. Bo‘sh yer uchastkalari “Yerelektron” axborot tizimiga faqat qurilish bo‘limlari tomonidan kiritilayotgani sababli, hamma bo‘sh yerlarni topish jarayoni to‘liq qamrab olinmayapti. Shu bois bu ishlarni hududiy qurilish bo‘limlari va kadastr organlari birgalikda amalga oshirishi taklif etilmoqda.
Amaliyotda qiyinchilik tug‘dirayotgan yana bir muammo – yerlarni auksionga chiqarish bosqichlari ko‘pligi. Hozirgi kunda bu 13 ta bosqichdan iborat bo‘lib, ijara huquqi bilan yer olishda 48 ish kuni, mulk huquqida 74 ish kunigacha vaqt ketmoqda. Shu bois yerni auksionga chiqarish bosqichlarini 8 taga tushirib, muddatlarini tegishlicha 16 va 22 ish kunigacha qisqartirish mumkinligi aytildi.
Ayrim shaharchalarning bosh rejasi yo‘qligi ham jarayonni sekinlashtirmoqda. Shuning uchun bunday joylarda yerlarni hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi bilan kelishgan holda, master-reja asosida auksionga chiqarish taklifi bildirildi.
Kichik sanoat zonalarining hududi esa aniq. Shu bois ulardagi yerlarni bosh rejada nazarda tutilgan lotlarga muvofiq, sodda tartibda tadbirkorlarga berish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari taklif etilgan chora-tadbirlarni mahqullab, aholi va tadbirkorlarga yengillik yaratish, yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.
LiveBarchasi