Ahmedov O‘zbekiston MTJning eng kuchli futbolchilaridan ramziy jamoa tuzdi

Sport

image

O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq sardori va hozirda Xitoyning “Sanchjou” klubi futbolchisi Odil Ahmedov “Ofsayd” ko‘rsatuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng kuchli futbolchilaridan iborat ramziy terma jamoa tuzdi.

Namanganlik 35 yoshli yarim himoyachi agar u bilan o‘ynagan futbolchilardan iborat ramziy jamoa bo‘lsa, eng kuchli darvozabon Ignatiy Nesterov ekanini ta’kidladi. Biroq Ahmedov “jamoasi” darvozasidan Pavel Bugalo o‘rin oldi. 

“Himoya markaziga Andrey Fyodorov va Baxtiyor Ashurmatov, o‘ng qanotga Islom Inomov, chapga Vitaliy Denisov, maydon markaziga Aziz Haydarov, Mirjalol Qosimov, Temur Kapadze, hujumga esa Maksim Shatskix, Aleksandr Geynrix va Eldor Shomurodovni qo‘ygan bo‘lardim. Bosh murabbiy esa – Valeriy Nepomnyashiy”, deydi Odil Ahmedov.

Eslatib o‘tamiz, 35 yoshli futbolchi joriy yilning 19 iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘FA kongressida terma jamoasidagi faoliyati yakunlanganini ma’lum qilgan. 

“Futbolni aldab bo‘lmaydi. Agar biz bugun o‘zgarmasak, har safar shunday turib kechirim so‘rayveramiz. Futbolchi bo‘ladimi, murabbiy bo‘ladimi, yoki futbol ichida ishlaydigan odam bo‘ladimi, futbolni birinchi o‘ringa qo‘ymasa, natija bo‘lmaydi. Asosiy katta muammolarimizdan biri – bolalar futbolini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymaganimizda”, deya o‘z fikrini yakunlagan edi Ahmedov. 

Ma’lumot uchun, Odil Ahmedov 2007 – 2021 yillar davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida faoliyat yuritgan va 105 o‘yinda maydonga tushib, 20 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol etgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Paxtakor Odil Ahmedov O'zbekiston MTJ Anji Shanxay SIPG Sanchjou Ramziy jamoa

Baholaganlar

279

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing