Ahmadaliyev ringga ko‘tarilgan turnirda qanday natijalar qayd etildi?

Sport

image
0:00
0:00
download

Bugun, 20 noyabr kuni AQSHning Nyu Gempshir shtati Manchester shahrida joylashgan SNHU arenasida professional boks kechasi tashkil etildi.

Avvalroq, super yengil vazn toifasida IBF va WBA  yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempioni hisoblangan o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev (10-0) chililik Xose Velaskesga (29-7-2) qarshi ringga ko‘tarilib, g‘alabaga erishgani haqida xabar bergan edik. 

“Matroom Boxing” promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan boks oqshomining markaziy jangida esa o‘rta vazn toifasida WVO yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempioni Demetrius Andrade (31-0) Jeyson Kuiglini (19-1) nokaut evaziga mag‘lub etdi.

33 yoshli yengilmas amerikalik charm qo‘lqop ustasi jang boshidan hujumga o‘tdi va birinchi raunddayoq raqibini nokdaun holatiga tushirdi. Ikkinchi uch daqiqalikda esa 30 yoshli irlandiyalik kuchli zarbalar o‘tkazib yuborib, muvozanatni yo‘qotdi. Referi esa darhol jangni to‘xtatdi.

Ikkinchi markaziy jangda esa qiziq holat ro‘y berdi. Eng yengil vazn toifasida WBC chempionlik kamari sohibi meksikalik Xulio Martines (18-1) Puerto-Riko vakili Makuilyams Arroyo (21-4) bellashuvining birinchi raundida har ikki charm qo‘lqop ustasi bir martadan nokdaun holatiga tushib qoldi. Ikkinchi raundda esa bokschilar bosh bilan to‘qnashib ketdi va Arroyoning qovog‘i yorildi. Shifokorlar uning jangni davom ettira olmasligini ma’lum qilishdi. Tashkiliy qo‘mita qaroriga ko‘ra ushbu jang natijasi hisobga olinmaydigan bo‘ldi.

Shuningdek, ayollar o‘rtasida yarim yengil vazn toifasida WBA va WBO yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempioni amerikalik Kali Reis va kanadalik Jessika Kamara o‘zaro bahs olib bordi. To‘liq 10 raund davom etgan bellashuvda Reis hakamlar qaroriga ko‘ra g‘olib, deb topildi va unvonlarini saqlab qolishning uddasidan chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, WBA va IBF chempionlik kamarlarini himoya qilgan Murodjon Ahmadaliyev katta ehtimol bilan yangi kamar uchun birlashtiruvchi chempionlik jangida ringga ko‘tariladi.
 
 


Maqola muallifi

Teglar

WBA WBC Ahmadaliev IBF WBO Prof boks Martines Andrade Kuigli

Baholaganlar

188

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing