Bitiruvchilarining 90 foizi OTMga kirgan maktab direktorlariga pul mukofoti beriladi
Jamiyat
−
11 noyabr 2020
5915Bitiruvchilarining OTMlarga kirish ko‘rsatkichlariga qarab maktab direktorlariga pul mukofotlari ajratiladi. Bu haqda xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“90 foizi o‘qishga yoki ishga kirgan maktab direktoriga oyligi, direktor fondi qo‘shimchalaridan tashqari — bir martalik o‘quv yili uchun 8 mln so‘mlik mukofot, o‘rinbosariga 4 mln so‘m beriladi. 89 foiz foiz ko‘rsatkich bo‘lsa 6 mln va 3 mln, 80 foizgacha bo‘lsa 4 mln va 2 mln pul mukofoti ajratiladi”, deya ma’lum qildi Usmon Sharifxo‘jayev.
Bundan tashqari,maktab reytinglariga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish uchun o‘zining tumanida reytingi eng yuqori bo‘lgan direktorlarga ham ma’lum bir moliyaviy rag‘batlar belgilanmoqda.
Hozirga qadar 10 foiz maktablar reytingi elektron tanlov asosida chiqarib kelinayotgan edi. Endilikda 100 foiz maktablarni qamrab olish va ularning reytingini chiqarish bo‘yicha ishlar tashkil qilinmoqda, deya ma’lum qildi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Qo‘ysinov.
Reytingda asosan quyidagilarga e’tibor qaratiladi:
• maktablarda dars berayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning malaka darajasi;
• malaka oshirish tizimi qay darajada yo‘lga qo‘yilganligi;
• o‘quvchilarning bilim darajalari, ya’ni 9 va 11-sinfni bitirishda keyingi bosqichga o‘tish salohiyati.
Yangi qarorga ko‘ra, pedagoglarga malaka toifa berish jarayoni soddalashtirildi. 2021 yil 1 apreldan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan maxsus portal orqali hujjatlarni elektron tarzda qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, navbatdagi malaka toifasiga yig‘imlar bekor qilinadi. Bunda pedagog navbatdan tashqari xohishiga ko‘ra malaka oshirish attestatsiyaga topshirmoqchi bo‘lganda yig‘im undirilmaydi.
Uzluksiz ta’lim tizimida fan dasturlarining uzviyligini ta’minlash belgilangan. Tahlillarga ko‘ra, 10-15% mavzular takroriy, 50 foizgacha mavzular uzviy bir-biriga bog‘lanmagan.
LiveBarchasi