9 yillik sud: Googoosha Shveysariyadagi millionlarini qutqarmoqchi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download
Gulnorani qiynashga hech kimning “dux”i yetmaydi – Tashanov north_east

Gulnorani qiynashga hech kimning “dux”i yetmaydi – Tashanov

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga nisbatan sud ishlari boshlanganidan 9 yil o‘tgan bo‘lsa ham, Shveysariya sudlari bu ishlar bilan shug‘ullanishda davom etmoqda. Bu haqda “Le Temps” nashri xabar bermoqda.  

“2016 yilda vafot etgan Islom Karimovning qizi o‘z vatanida 13 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Bu to‘siqlar uning advokatlariga, hatto ular davlat tomonidan tayinlangan bo‘lsa ham, uning huquqlarini himoya qilish va Shveysariyada ushlab turilgan yuz millionlab franklarning musodara qilinishining oldini olishga to‘sqinlik qilmaydi”, deb yozadi nashr jurnalisti Mark Genya. 

Ta’kidlanishicha, joriy yilning 7 va 8 sentyabr kunlari advokat Fanni Margayraz 2019 yilning iyunidan buyon birinchi marta ayollar qamoqxonasidagi Gulnora Karimovani ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan. 

Qayd etilishicha, joriy yilning iyul oyida Federal jinoyat sudi 49 yoshli Gulnora Karimovaning qisman Gibraltardagi Takilant kompaniyasiga tegishli bo‘lgan, Shveysariyada saqlanayotgan 550 million frankni musodara qilish haqidagi e’tirozini ko‘rib chiqdi. Ta’kidlanishicha, musodara qilish uchun apellyatsiya berilgan, natijada Gulnora Karimovaning yordamchisi sudlangan, hozirda u ham o‘z mamlakatida qamoqda. 

Shuningdek, iyul oyida Shveysariya Konfederatsiyasi Prokuraturasi Gulnora Karimovaning shaxsiy gvardiyasining to‘rtinchi a’zosiga hukm chiqardi. Pul yuvish va hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topilgan Shohruh S. 79 kunlik qamoq jazosiga hukm qilindi. 

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, u 2012 yil 30 iyulda Jenevadagi Cornavin mehmonxonasida do‘sti bilan birga hibsga olingan. Federal politsiya ularning 2 ta kompyuterini, 11 ta mobil telefonini va beshta flesh-diskini olib qo‘ygan. 

“Tergov shuni ko‘rsatadiki, Gulnora Karimova 7 ta Shveysariya banki va 8 ta seyfdagi 30 ta hisobni nazorat qiladi”, deyilgan nashrda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, uyushgan to‘da a’zolarining maqsadi Gulnora Karimovaning hashamatli turmush tarzini saqlab qolish bo‘lgan. 

“Shohruh S. 2010 yildan 2012 yilgacha yarim milliard frankga yaqin bo‘lgan mablag‘larni nazorat qilganini tan olgan. Aynan u Gulnora Karimovaga 2009 yilda Kolonida 18,2 million frankga villa sotib olishga ruxsat berish uchun Latviya bankidan ipoteka krediti olgan. Nihoyat, u seyflarni ochdi, u yerda, xususan, pechene qutisida 3,8 million dollar pul sabr-toqat bilan o‘z vaqtini kutib turardi”, deyilgan maqolada. 

Ta’kidlanishicha, bu seyflardagi pullar qimmatbaho zargarlik buyumlari, mashinalarni sotib olishga sarflangan. 

Shuningdek, maqolada Zeromax kompaniyasining Karimovaga tegishli ekani haqida tarqalgan mish-mishlarga to‘xtalib o‘tilgan. 

“Zeromax Gulnora Karimovaga tegishli ekaniga ko‘pdan beri ishonishgan. Ammo, 2020 yilda Gulnora Karimova uning benefitsiari ekani isbotlanmadi”, deyilgan maqolada. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, Fond Forum vasiylik kengashi raisi, professor va maishatsevar Gulnora Karimovaning “saltanat”i 2013 yilga kelib quladi. 2005 yildan boshlab o‘zini madaniyat va san’at, sport, ilm-fan, axborot texnologiyalari va yoshlar g‘oyalari rahnamosi sifatida ko‘rsatishni boshlagan Googoosha 2013 yilgacha mamlakatda mislsiz qudrat sohibi bo‘lgani hech kimga sir emas. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shveytsariya Karimova

Baholaganlar

2082

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing