9 oy deganda “Yunusobad Business City”ni kim qurishi aniq bo‘ldi. Ortiqxo‘jayev unutmadimi?

Jamiyat

image

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Koreyaning IGIS Asset Management, KIND (Korea Overseas Infrastructure and Urban Development Corporation) va Wooju Construction Co. LTD. kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi. 

“Uchrashuvda “Yunusabad Business City” qurilishida ushbu kompaniyalarning ishtirok etishi to‘g‘risida dastlabki kelishuvlarga erishildi”, deyiladi Matbuot xizmati xabarida. 

Kelishuvda uchta kompaniyaning konsorsiumini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Hokimlikning aytishicha, IGIS Asset Management Koreya Respublikasidagi ko‘chmas mulk va aktivlarni boshqarish bo‘yicha eng yirik kompaniyalardan biri. Bugungi kunda kompaniya Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Yevropada muvaffaqiyatli ishlamoqda. Xususan, IGIS Asset Management`ning so‘nggi loyihalaridan biri Frankfurtdagi (Germaniya) osmono‘par binoning qurilishidir.

“KIND (Korea Overseas Infrastructure and Urban Development Corporation) Koreya Respublikasi hukumati tomonidan xorijiy mamlakatlarda qurilish ishlarini yengillashtirish uchun davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan korporatsiyadir. Ushbu korporatsiya shahar infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

2001 yilda tashkil topgan Wooju Construction Co. LTD. LTD. infratuzilma qurilishiga ixtisoslashgan. Mazkur kompaniya Taxiatosh IESni qayta qurish va Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etganligini qo‘shimcha qilish o‘rinli”, deb tish-tirnog‘i bilan kompaniyalarni himoya qiladi hokimlik Matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, “Yunusabad Business City” taqdimoti joriy yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan edi. 

Taqdimot marosimida har bir mehmon uchun o‘zbek, ingliz, rus tillarida so‘rovnoma tarqatildi. Unda quyidagi 7 savol bilan murojaat qilingan:

1.    Qaysi tashkilotdansiz?
2.    “Business city” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha respublika rahbarining tashabbusini qanday baholaysiz?
3.    Sizningcha, “Business city” qanday bo‘lishi lozim?
4.    Sizningcha, investorlarni saralab olish qanday amalga oshirilishi lozim?
5.    “Business city” qad ko‘taradigan joylarda qurilishlarni buzib tashlash va kompensatsiya to‘lovlari qay tartibda amalga oshirilishi kerak deb o‘ylaysiz?
6.    Siz uchun yer maydonining qiymatini aniqlash uchun qanday yo‘l tutish to‘g‘ri va xolis deb hisoblaysiz?
7.    Sizningcha, “Business city” loyihalari Toshkent shahrining qiyofasini o‘zgartiradimi?

Savollar ostida esa bir necha variantlarda javoblar berilgan. Respondentlar ulardan birini tanlashi kerak. 

Agar unutilmagan va qaysidir burchaklarda qolib ketmagan bo‘lsa, Ortiqxo‘jayev va uning hokimiyati so‘rovnomalardagi javoblarni inobatga olishi kerak. 

Taqdimotda “Xo‘sh, so‘rovnoma o‘tkazishdan maqsad nima? Hokimiyat respondentlarning fikrini inobatga oladimi?”, degan savol bilan QALAMPIR.UZ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga yuzlangan edi.  

“Agar odamlarning fikrini 100% inobatga olinsa, bu joyda hech narsa qurilmaydi. Qanday bo‘lsa shundayligicha qoladi”, degan qisqa javob bilan cheklangandi Ortiqxo‘jayev.

Agar 9 oyda o‘zgarish bo‘lmagan bo‘lsa, “Yunusobad Business City” loyihasi Yangi Shahar va Chinobod ko‘chalari kesishmasida qurilishi rejalashtirilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev

Baholaganlar

268

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing