9/11: AQSHdagi qonli terakt qanday sodir bo‘lgandi?
Olam
−
11 Sentabr 8684 4 daqiqa
Bugun, 11 sentyabr kuni AQSHda 11 sentyabr teraktlarining 24 yilligi xotirlanadi.
2001 yil 11 sentyabr, seshanba kuni, jangarilar AQSH yo‘lovchi samolyotlarini egallab, ularni Nyu-Yorkdagi ikki osmono‘par binoga yo‘naltirgan va minglab odamlarni o‘ldirgan. Bu voqea butun dunyo bo‘ylab ulkan oqibatlarga olib kelgandi.
Qaysi binolar hujumga uchradi?
AQSHning sharqiy hududida parvoz qilayotgan to‘rtta samolyot bir vaqtning o‘zida jangarilar tomonidan egallandi. Keyin ular Nyu-York va Vashingtondagi muhim binolarga yo‘naltirilgan ulkan “qo‘lbola raketa” sifatida ishlatildi.
Ikkita samolyot Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi minoralariga urildi. Birinchi hujumdan 17 daqiqa o‘tib ikkinchisi amalga oshirildi. Binolar yonib, yuqori qavatlardagi odamlar tuzoqqa tushib qoldi. Shahar qorong‘u tutunga burkandi. Ikki soatdan kam vaqt ichida har ikkala 110 qavatli bino ham g‘uborli bulut ostida vayron bo‘ldi.

Uchinchi samolyot AQSH harbiy qo‘mondonligi qarorgohi – Pentagonning g‘arbiy qismini yo‘q qildi.
To‘rtinchi samolyot yo‘lovchilar jangarilarga qarshi chiqqani sababli Pensilvaniyadagi dalalarga quladi. Tafsilotlarga ko‘ra, jangarilarning maqsadi Vashingtondagi Kongress binosi (Kapitoliy) bo‘lgan.
9/11 teraktlarida necha kishi halok bo‘ldi?
Teraktda jami 2 977 kishi (19 jangaridan tashqari) halok bo‘ldi. Ularning asosiy qismi Nyu-Yorkda:
- Har to‘rtta samolyotdagi 246 yo‘lovchi va ekipaj a’zolari.
- Jahon savdo markazida 2 606 kishi (hujum paytida yoki olingan jarohatlardan keyin).
- Pentagonda 125 kishi.
Eng yosh qurbon – ikki yoshli Kristin Li Hanson, eng keksa qurbon – 82 yoshli Robert Norton. Ikkalasi ham samolyot yo‘lovchilari bo‘lgan.

Birinchi samolyot urilganda, ikki minorada taxminan 17 400 kishi bor edi. Shimoliy minorada ta’sir zonasidan yuqorida hech kim tirik qolmadi. Ammo Janubiy minorada ta’sir zonasidan yuqoridagi 18 kishi qochib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Qurbonlar orasida 77 davlat fuqarolari bor edi. Nyu-York shahri 441 nafar qutqaruvchi va politsiyachisini yo‘qotdi.

Minglab odamlar jarohat oldi yoki keyinchalik hujum paytidagi zaharli chiqindilar sababli og‘ir kasalliklarga chalindi.
Hujumchilar kimlar edi?
Bu hujumlarni Afg‘onistonda joylashgan ekstremistik tarmoq “Al-Qoida” rejalashtirgan. Uning yetakchisi Usama bin Laden AQSH va uning ittifoqchilarini musulmon dunyosidagi nizolarda ayblardi.
Guruhning bosh taktikchisi sifatida Xolid Shayx Muhammad tanilgan. U reja tuzishda va jangarilarni tanlab olishda asosiy rol o‘ynagan. Jangarilarning ayrimlari AQSHda uchish mashg‘ulotlarini olgan.
Hujumda 19 kishi qatnashgan. Ular uchta besh kishilik va bitta to‘rt kishilik guruhga bo‘lingan (oxirgisi Pensilvaniyada qulagan samolyotda). Jangarilarning 15 nafari Saudiyadan, ikkitasi BAAdan, biri Misrdan va biri Livandan edi.
AQSH qanday javob qaytardi?
Hujumdan bir oy o‘tib, AQSH prezidenti Jorj Bush xalqaro koalitsiya bilan birga Afg‘onistonga bosqin uyushtirdi. Maqsad – “Al-Qoida”ni yo‘qotish va bin Ladenni qo‘lga olish. Biroq bin Laden 2011 yilgina, qo‘shni Pokistonda AQSH qo‘shinlari tomonidan o‘ldirildi. Xolid Shayx Muhammad esa 2003 yilda Pokistonda qo‘lga olingan.

“Al-Qoida” hanuz mavjud. Uning eng kuchli qanoti Sub-Saxara Afrikada. Ammo Afg‘oniston ichida ham a’zolari bor.
AQSH qo‘shinlari 20 yildan so‘ng, 2021 yilda Afg‘onistondan chiqib ketdi. Bu esa tarmoq qayta kuchayishi mumkinligidan xavotir uyg‘otdi.
Xolid Shayx Muhammad kim va u bilan nima bo‘ldi?
U Kuveytda tug‘ilgan, AQSHda muhandislikka o‘qigan va 1980 yillarda Afg‘onistonda jang qilgan.
9/11dan oldin ham u FBR qidiruvida edi, chunki Xolid boshqa portlashlar va hujumlarda ham ishtirok etgan.

2003 yilda qo‘lga olingach, u 3 yil davomida maxfiy MRB turmalarda qattiq so‘roq qilindi. Keyin esa Kubadagi Guantanamo bazasiga jo‘natildi. U hanuz shu yerda.
Xolid Shayx Muhammad 10 yildan ortiq vaqtdan beri harbiy sud hukmini kutmoqda. Asosiy masala – u AQSH qo‘lida qanday azoblardan o‘tgani va bu sud jarayonidagi dalillarga ta’sir qilishi mumkinligi.
2025 yil yanvarda u va yana ikki ayblanuvchi (Valid bin Attash va Mustafa al-Havsaviy) aybini tan olib, o‘lim jazosidan qutulishi kutilgan edi. Ammo federal apellyatsiya sudi jarayondan bir kun oldin bu kelishuvni to‘xtatdi. Iyul oyida sud kelishuvni rasman bekor qildi. Keyingi bosqich hozircha noma’lum.
9/11 merosi nima bo‘ldi?
Teraktdan so‘ng havo parvoz xavfsizligi butun dunyoda kuchaytirildi. AQSHda aeroport va samolyotlarda xavfsizlikni oshirish uchun TSA (Transport xavfsizligi ma’muriyati) tashkil etildi.

“Ground Zero” – qulagan minoralar maydonini tozalash ishlari 8 oydan ortiq davom etdi. U yerda hozir yodgorlik va muzey mavjud. Shuningdek, yangicha dizaynda yangi binolar qurilgan. Asosiy majmua oldingi Shimoliy minoraning o‘rnida qurilgan One World Trade Center yoki “Erkinlik minorosi” bo‘lib, u 541 metr balandligi bilan avvalgisidan ham baland.

Pentagondagi tiklash ishlari bir yilga yetmagan vaqtda tugatildi. 2002 yil avgust oyiga kelib xodimlar qayta ishga kirishdi.
Live
Barchasi