7 oktyabr. Putin va Netanyaxu bir-birini tabrikladi
Olam
−
07 Oktabr 8467 2 daqiqa
Kecha, 6 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Kreml xabar berdi.
Rossiya tomoniga ko‘ra, suhbatda Yaqin Sharqdagi vaziyat va ikki tomonlama masalalar muhokama qilingan, shuningdek, ular bir-birini muhim sanalar bilan tabriklagan.
Kreml bayonotida aytilishicha, Vladimir Putinning tug‘ilgan kuni arafasida Isroil Bosh vaziri unga eng ezgu tilaklarini bildirgan. O‘z navbatida, Vladimir Putin Binyamin Netanyaxu va Isroil xalqini yahudiylarning Sukkot bayrami bilan tabriklagan.
Suhbatning asosiy qismi Yaqin Sharqdagi vaziyatga bag‘ishlangan, xususan AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan G‘azo sektoridagi tinchlik rejasiga doir masalalar ko‘rib chiqilgan.
“Yaqin Sharqdagi hozirgi vaziyat, jumladan AQSH Prezidenti tomonidan ilgari surilgan G‘azo sektorida tinchlik e’lon qilish rejasining kontekstida batafsil muhokama qilindi. Vladimir Putin Falastin masalasini tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini tasdiqladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, bugun, 7 oktyabr kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin 73 yoshni qarshi oladi. Sukkot esa yahudiylarning muhim diniy bayrami bo‘lib, u Isroildan chiqish voqeasidan keyin yahudiy xalqining cho‘l bo‘ylab 40 yil davomida yurishini eslatadi. Bayram kuzda, yahudiy taqvimida Tishrei oyining 15-kunida boshlanadi va odatda sentyabr yoki oktyabr oylariga to‘g‘ri keladi. U Isroilda 7 kun, boshqa joylarda 8 kun davom etadi. Bu davrda yahudiylar sukka deb ataladigan vaqtinchalik uycha yoki chodir quradi, bu esa cho‘lda yashagan davrni eslatadi. Bayram davomida ko‘pchilik shu uycha ichida ovqatlanadi, ba’zilari esa u yerda tunaydi. Sukotda maxsus diniy urf-odatlar bajariladi, jumladan to‘rt turdagi o‘simlik – xurmo shoxi, sitrus meva, mirt va tol shoxchasi ishlatiladi. Bu bayram shukronalik va xotira bayrami hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Putin va Netanyaxu so‘nggi bor joriy yilning 28 iyul kuni telefon orqali muloqot qilgandi. Suhbatda Yaqin Sharqdagi keskin vaziyatning turli jihatlari muhokama qilingan. Rossiya tomoni mintaqada mavjud muammo va mojarolarni “faqat tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lgan” o‘zining qat’iy pozitsiyasini tasdiqlagan.
Live
Barchasi