7 mln dollarlik jinoiy ishda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi Qozog‘istonga ekstraditsiya qilindi

Olam

image

Firibgarlik jinoyatini alohida yirik miqdorda sodir etganlikda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi jinoiy javobgarlikka tortish uchun Rossiya Federatsiyasidan Qozog‘istonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, gumonlanuvchi 2005-2007 yillar oralig‘ida Olmota shahrida qurilish kompaniyasida hisobchi bo‘lib ishlagan davrida ko‘p qavatli turarjoy majmuasining tugallanmagan qurilish loyihasi bo‘yicha ulushli qurilish ishtirokchilaridan pul qabul qilgan. U hisob-kitob hujjatlarida aks ettirilmagan soxta kvitansiyalarni kassa orderlariga ilova qilgan.

Uning va jinoyatning boshqa ishtirokchilarining harakatlari oqibatida Olmota shahrining 80 dan ortiq aholisi zarar ko‘rgan va ularning umumiy zarar miqdori 3,7 milliard (7 mln dollar) tengedan oshgan.

Jinoyat ishtirokchilaridan biri sud hukmi bilan jazoga tortilgan, ammo gumonlanuvchi jinoyat sodir etgandan so‘ng yashiringan. Shu sababli u xalqaro qidiruvga berilgan.

O‘tgan yilning dekabr oyida qidiruvdagi shaxs Rossiyaning Krasnodar o‘lkasida qo‘lga olingan va shundan so‘ng Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi so‘roviga asosan Qozog‘istonga ekstraditsiya qilingan.

Hozirda gumonlanuvchi tergov izolyatoriga joylashtirilgan.

Unga nisbatan ayblov e’lon qilingan jinoyat uchun besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi, shuningdek, mol-mulkni musodara qilish nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Chimkent viloyati Politsiya departamenti Migratsiya xizmati boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 8 yildan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi ushlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston O'zbekiston fuqarosi ekstraditsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing