600 dan ortiq chililik yuristlar Isroil Bosh vazirini sudga berdi

Olam

image

Chililik 600 dan ziyod advokatlar 12 mart kuni Xalqaro jinoiy sudga Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va boshqa ishg‘olchi mamlakat rasmiylariga qarshi  Falastinda sodir etgan jinoyatlari uchun  da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.

Nashrning yozishicha, ushbu da’voni 620 nafar chililik huquq ekspertlari, jumladan, senator Fransisko Chajuan va Ispaniyaning Valensiya universitetidan Rodolfo Markone-Lo Presti imzolagan. Bu haqda bayonotni imzolaganlardan biri, Chilining Iordaniyadagi sobiq elchisi, asli falastinlik Chili fuqarosi Nelson Hadad ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, da’voga Isroil rasmiylari, jumladan, mudofaa vaziri Yoav Gallant tomonidan G‘azo sektori va G‘arbiy Sohilda, jumladan, Sharqiy Quddusda falastinliklarga nisbatan genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlari sodir etilgani haqida dalillar keltirilgan.

Agentlik suhbatdoshining ta’kidlashicha, delegatsiya ochiq manbalar va ommaviy axborot vositalaridan suratlar va faktlar, jumladan “Isroilning bombardimonlari oqibatida halok bo‘lgan mintaqada yashovchi falastinliklarning qarindoshlarining bayonotlari”ni to‘plagan.

Hadad taqdim etilgan faktlar orasida Isroilning tinch aholini o‘qqa tutishi, Falastin uylarini vayron etish, mulklarini musodara qilish va isroillik ko‘chmanchilarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlari, shuningdek, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar hisobotlari hamda xulosalaridan parchalar borligini aytdi.

Sobiq elchi Isroilning Falastin aholisiga qarshi harakatlari etnik tozalash va genotsidga teng ekanligini ta’kidlagan.

“G‘azo - ochiq osmon ostidagi ulkan qamoqxona. Uning aholisi qashshoqlik, asosiy ehtiyojlarga ega bo‘lishdagi cheklovlar va ishlash huquqidan foydalanish uchun Isroil rasmiylaridan ruxsat olish kabi muammolarga duch kelmoqda. Bu muammolar 7 oktyabr voqealaridan oldin ham bor edi”, degan u.

“Biz tinch aholiga qarshi jinoyat sodir etgan siyosiy va harbiy arboblarning javobgarlikka tortilishini talab qilamiz. Biz tinch aholiga qarshi sodir etilgan bu shafqatsiz jinoyatlar uchun adolatni istaymiz. Bu yerda ikkita urushayotgan qo‘shin yo‘q – mana bitta armiya G‘azoni vayron qilmoqda, Falastin hududlarini anneksiya qilish uchun mustamlakachilarni joylashtirgan”, degan sobiq diplomat.

U Isroil Mudofaa vaziri Galantning G‘azo sektorida falastinliklarning elektr, suv, oziq-ovqat va dori-darmonlarga kirishiga ataylab to‘sqinlik qilganini tan olgan bayonotini esladi. Chililik huquqshunosning fikricha, "bu ocharchilik orqali Falastin xalqini qisman yoki to‘liq yo‘q qilish niyatini tan olishdir". Chilida Falastin hududidan tashqaridagi eng yirik Falastin diasporasi joylashgan bo‘lib, u 600 ming kishini tashkil qiladi. 

Hadad Isroilning Falastinga nisbatan qilmishlari yuzasidan Xalqaro sud tomonidan tergov o‘tkazilishiga umid bildirgan. “Jazosizlik uchun o‘rin bo‘lmasligi kerak. Jinoyatchilar jazolanishi lozim. Interpol Netanyaxu, Gallant va boshqa (Isroil) mansabdor shaxslarni hibsga olish uchun order berishi va ular Xalqaro sud huzuriga chiqishi kerak”, degan sobiq elchi.

Rodolfo Markone-Lo Prestining so‘zlariga ko‘ra, Chili delegatsiyasi Isroil tomonidan G‘azo sektori va bosib olingan Falastin hududlarida sodir etilgan genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlariga e’tibor qaratishga harakat qilmoqda. 

U, shuningdek, Xalqaro sud dalillarni tasniflash va qayta ishlashda duch keladigan qiyinchiliklarga e’tibor qaratgan. Ukraina bo‘yicha tergov paytida Rossiya rasmiylariga nisbatan Xalqaro sudning samaradorligini eslatib, u mavjud vaziyatni "kamsitish va ikki tomonlama standartlar" ko‘rinishi deb atagan.

Shu bilan birga, u kelajakda Isroil Bosh vaziri Netanyaxu falastinliklarga qarshi jinoyatlar uchun javob berishiga ishonch bildirgan. 

“Bu qachon sodir bo‘lishini bilmayman, lekin bir kun kelib Netanyaxu javobgarlikka tortilishiga ishonaman. Falastindagi bu aqlbovar qilmas jinoyatlar va bosqinchilik tugaydi Xalqaro sudda adolat qaror topadi”, degan Presti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning rafiqasi Sara Netanyaxu Qatar Amirining onasi shayxa Moza bint Nosir al-Misnadga murojaat qilib, G‘azo sektorida HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilishda yordam so‘ragani haqida xabar bergandik.


Madina Otaboyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Netan'yaxu Xalqaro jinoiy sud Chililik yuristlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing