60 mlrd so‘mlik qurilishni “kattakonlar” orqali olib berishni va’da qilganlar ushlandi
Jamiyat
−
19:52 363 1 daqiqa
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tadbirkorga Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi 4 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 60 milliard so‘mlik qurilish va rekonstruksiya ishlarini olib berishni va’da qilgan uch kishi 20 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Zangiota tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda uch nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, “S. C.” MCHJ rahbari M.N. ga yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali IIVga qarashli 4 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 60 milliard so‘mlik rekonstruksiya va qurilish ishlarini olib berishlarini aytgan. Buning evaziga ular tadbirkordan 100 ming AQSH dollari talab qilgan. Shundan 20 ming dollarini firibgarlik yo‘li bilan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida tuman kadastr bo‘limi mutaxassisi fuqaroning 31 sotix noturar yer maydonini turarjoy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming dollar olgan vaqtida ushlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi