6 yil avval qidiruvga berilgan surxondaryolik shaxs Qozog‘istonda qo‘lga olindi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Hurram Berdiyev qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqalib, uning muxolifat faoli ekani iddao qilinadi. Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi tarqatilayotgan mish-mishlarga aniqlik kiritib, Hurram Berdiyevga nisbatan bundan 7 yil avval, 2013 yildayoq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va u qidiruvga berilganini ma’lum qildi. 

Gap shundaki, 2013 yilning oxirida Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlariga fuqaro E.E. va F.P. ariza bilan murojaat qiladilar. Unda  bir guruh shaxslar 2013 yilning avgust oyining oxirida E.E. va F.P.ga Chimkent shahrida (Qozog‘iston Respublikasi) katta maosh to‘lanadigan ish taklif qiladilar. Ularga qonuniy ishga joylashishni va’da qilinadi.

O‘sha yilning o‘zida o‘zlarini “Mustaqil mardikorlar tashkiloti” vakillari sifatida tanishtirgan shaxslar fuqarolar E.E. va F.P.larni Chimkent shahriga olib ketishgan. Chimkentga yetib borgach, ularning pasportlarini olib qo‘yishgan va qurilishda ishlashga majbur qilib, va’da qilingan maoshni to‘lashmagan. 

2013 yilning 19 dekabr kuni Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan jabrlanuvchilarning arizalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi (“Odam savdosi”) “b” bandi 2-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov davomida mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumonlanuvchi shaxslar aniqlangan. Ular surxondaryolik 1961 yilda tug‘ilgan Hurram B., Nuraddin D. va Faxriddin T. bo‘lgan. Nuraddin D. va Faxriddin T.lar jinoiy javobgarlikka tortilib, qamoqqa olingan. Hurram B. esa 2014 yilning yanvar oyida qidiruvga berilgan. 

Qayd etilishicha, shu yilning fevral oyida huquq-tartibot organlari tomonidan Hurram B.ning turar joyi aniqlangan va Qozog‘iston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida qo‘lga olingan. 

Joriy yilning 17 avgust kuni, karantin cheklovlari bekor qilingach, Hurram B. qonuniy chora ko‘rilishi uchun O‘zbekistonga ekstraditsiya qildirildi. Shuningdek ma’lum qilamizki, Hurram B. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi “g” bandi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda. Unga qarshi boshqa hech qanday ayblov ko‘zda tutilmagan.  


Maqola muallifi

Teglar

IIBB Qozog'iston

Baholaganlar

384

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing