6-bosqich: HAMAS yana uch nafar isroillikni ozod qildi (video)
Olam
−
15 fevral 2025 2986 2 daqiqa
Bugun, 15 fevral kuni Falastinning HAMAS harakati Isroil bilan sulh doirasidagi garovdagilarni almashishning oltinchi bosqichida uch nafar isroillikni ozod qilib, ularni Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillariga topshirdi. Bu haqda Isroil armiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozirda ular Isroil armiyasi vakillari bilan uchrashuvga yo‘l olgan.
Ozod qilinganlar – Rossiya va Isroil fuqarosi, 29 yoshli Aleksandr Trufanov, Isroil va AQSH fuqaroligiga ega 36 yoshli Sagi Dekel Chen, shuningdek, Argentinadan repatriatsiya qilingan 46 yoshli Yair Horn.
Endi Isroil 369 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishi kerak. Ulardan 333 nafari 2023 yil 7 oktyabrdan keyin G‘azo sektorida hibsga olinganlar.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 16 yanvar kuni Isroil, HAMAS, AQSH va Qatar vakillari Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzolagandi. Kelishuv 19 yanvar kuni kechqurun kuchga kirdi va HAMAS uch nafar shaxsdan iborat birinchi asirlar guruhini ozod qildi. Isroil esa 90 falastinlik mahbusni ozod qilgan. 25 yanvar kuni sulh kelishuvining birinchi bosqichi doirasida asir almashishning ikkinchi raundida G‘azo sektorida saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayol evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 200 nafar falastinlik ozod qilindi. 1 fevral kuni HAMAS garovdagi 3 nafar isroillikni, Isroil esa 83 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. Shuningdek, 8 fevral kuni HAMAS garovga olinganlarni almashish bo‘yicha kelishuvning beshinchi bosqichi doirasida Qizil Xochga uch nafar garovga olingan isroillikni topshirdi. Isroil esa HAMAS 183 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi.
Live
Barchasi