58 yilda ilk bor. Suriyaning muvaqqat prezidenti AQSHga bordi
Olam
−
22 Sentabr 2025 4096 1 daqiqa
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etish uchun Vashingtonga keldi. Suriya televideniyesi ma’lumotlariga ko‘ra, bu Suriya prezidentining 1967 yildan beri AQSHga ilk rasmiy tashrifidir.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, ash-Sharaga to‘rt nafar vazir hamrohlik qilmoqda. Tashrif Suriya va AQSH o‘rtasida diplomatik munosabatlarni tiklash, jumladan, Vashingtonda Suriya elchixonasini rasmiy ochish masalasini muhokama qilish imkoniyatini berishi kutilmoqda.
24 sentyabr kuni ash-Shara BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlaydi. "CBS News" telekanali Oq uy muxbiri Jennifer Jeykobsning xabar berishicha, sessiya doirasida AQSH Prezidenti Donald Tramp va Suriya rahbari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘yicha rejalar ishlab chiqilmoqda.
14 may kuni Tramp Ar-Riyodda ash-Shara bilan muzokaralar o‘tkazdi. Amerika rahbari Vashington Damashqqa o‘nlab yillar davomida joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishni boshlashini ma’lum qildi. 1 iyul kuni u Suriyaga qarshi bir tomonlama sanksiyalar rejimini bekor qilish haqidagi farmonni imzoladi.
Eslatib o‘tamiz, Asad Suriyani 20 yildan ortiq boshqardi. 2024 yil dekabrida uning rejimi ag‘darildi, sobiq prezident esa Rossiyaga qochib o‘tdi. Kreml rasmiy ravishda unga “gumanitar maqsadda” siyosiy boshpana berganini tasdiqladi.
Live
Barchasi