5000 ga yaqin oltin medal, elektron shahodatnomalar... 2019-2020 o‘quv yili yakunlari e’lon qilindi
Jamiyat
−
25 may 2020
6823Bugun, 25 may kuni O‘zbekiston maktablarida 2019-2020 o‘quv yili yakunlandi. Ushbu yil yakuni bo‘yicha AOKA shtabida Xalq ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Brifingda quyidagi ma’lumotlar qayd etib o‘tildi:
2019-2020 o‘quv yilida mamlakatda 9942 ta maktabda 6,12 million o‘quvchi tahsil oldi.
Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq mamlakatdagi vaziyat tufayli o‘quv yilining to‘rtinchi choragini masofadan tashkil qilishga to‘g‘ri keldi. Uchta telekanalda tashkil etilgan videodarslarda 200 nafardan ortiq pedagog 3900 dan ziyod darslar tayyorlab, efirga uzatdi.
Online-maktab loyihasi davom ettiriladi. Yozda telekanallar orqali o‘quvchilarga ingliz tili va zamonaviy kasb hamda ko‘nikmalar bo‘yicha bilim beradigan darslarni namoyish etish rejalashtirilgan.
2019-2020 o‘quv yili natijalariga ko‘ra, 9-sinfni jami 490 mingga yaqin va 11-sinfni 451,3 mingdan ziyod o‘quvchi bitirdi.
Bitiruvchilar 15 iyunga qadar chop etilgan attestat (shahodatnoma)larning elektron shaklini (skaner) oladi.
Jami 6901 nafar o‘quvchi oltin va kumush medal sovrindorligiga da’vogar bo‘lmoqda. Ulardan 4682 nafari oltin medal va 2219 o‘quvchi esa kumush medal sohibi bo‘lishi kutilmoqda.
Tayyorlangan attestat (shahodatnoma)lar, oltin va kumush medallar hududda epidemiologik vaziyat yaxshilanib, o‘quvchilarga topshirilgunga qadar barcha xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda, umumiy o‘rta ta’lim muassasasida saqlab turiladi.
Karantin cheklovlari olib tashlanganidan so‘ng attestat (shahodatnoma)lar, oltin va kumush medallar o‘z egalariga topshiriladi.
LiveBarchasi