500 mln so‘mlik qonunbuzilishi ortidan hokimlikka ish qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
20 Sentabr
5009Navoiy viloyatidagi G‘azg‘on shahar hokimligida 500 mln so‘mdan ortiq tender savdolarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan G‘azg‘on shahar hokimligida 2024 yil davomida o‘tkazilgan tanlov (tender) savdolarining O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlari talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish o‘tkazilgan.
Jumladan, G‘azg‘on shahar hokimligi tomonidan joriy yil davomida G‘azg‘on shahar markaziy ko‘chalariga kameralar o‘rnatish uchun zarur tovarlar olib berish, shuningdek, “Yoshlar daftarida”gi yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun maishiy texnika va tikuv mashinalari xarid qilish maqsadida 4 ta savdolar bo‘yicha boshlang‘ich narxi 514,0 mln so‘mlik tovar, ish va xizmatlarni bajarish bo‘yicha e’lonlar joylashtirilgan.
O‘rganishlar davomida mazkur amalga oshirilgan davlat xaridlarining barchasida xarid komissiyasi tomonidan ishtirokchilarning taklif hujjatlari baholash mezonlari bo‘yicha to‘g‘ri baholanmagani aniqlangan.
Hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi alomatlari yuzasidan buyurtmachi tashkilot, ya’ni hokimlikka belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi va qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi. Shuningdek, mas’ullarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida maishiy chiqindi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi “Toza hudud” davlat unitar korxonasi 3,2 milliard so‘m miqdorida ortiqcha daromad olgani aniqlangandi.
LiveBarchasi